Epshteynning qamoqda yozgan xati e’lon qilindi. Unda Tramp haqida ham so‘z boradi
Olam
−
24 dekabr 8822 3 daqiqa
AQSH Adliya vazirligi kecha, 23 dekabr kuni amerikalik moliyachi, odam savdosi va ularni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq yangi hujjatlar to‘plamini e’lon qildi.
Jami taxminan 30 mingta hujjat e’lon qilindi. Ular orasida Epshteynga qarshi ishlarga doir sud bayonnomalari va elektron xatlar (ko‘pchiligi tahrirlangan), shuningdek AQSH Prezidenti Donald Tramp tilga olingan materiallar ham bor.
Vazirlikning bildirishicha, hujjatlarning ayrimlarida “Prezident Trampga nisbatan yolg‘on va sensatsion ayblovlar” mavjud bo‘lib, ular 2020 yilgi saylovlar arafasida bevosita FQBga yuborilgan.
“Aniq qilib aytamiz: bu asossiz va yolg‘on da’volardir. Agar ularda hech bo‘lmaganda ozgina ishonchli jihat bo‘lganida, albatta, ular allaqachon Prezident Trampga qarshi qo‘llanilgan bo‘lar edi”, deya bayonot berdi Adliya vazirligi.
“The Wall Street Journal” yozishicha, e’lon qilingan hujjatlar orasida Epshteynga tegishli, deb hisoblanayotgan xat ham bor. U uzoq muddatga qamoq jazosini o‘tayotgan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan shifokor Larri Nassarga yuborilgan. Qamoqxona xodimlari xatni 2019 yil sentyabr oyida, Epshteyn vafot etganidan keyin olishgan.
“L.N.” deb belgilangan shaxsga yo‘llangan maktubda muallif o‘z o‘limi haqida kinoya bilan gapiradi va taqdir adolatsiz ekanini ta’kidlaydi. U o‘zi bilan xat yo‘llangan odam o‘rtasida umumiy qarashlar bo‘lganini iddao qiladi hamda jamiyatda ta’sirga ega shaxslar ham shunday qarashlarni bo‘lishishini da’vo qiladi. Maktubda, shuningdek, yuqori lavozimdagi shaxslarga nisbatan o‘ta haqoratli va axloqqa zid ayblovlar ilgari suriladi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, ayrim odamlar jazosiz qolmoqda, boshqalar esa qamoqda azob chekmoqda – bu esa hayot adolatsizligining namunasi sifatida keltiriladi.
Adliya vazirligi Jeffri Epshteyn tomonidan Larri Nassarga yuborilgan, deb taxmin qilinayotgan xatning haqiqiyligini tekshirayotganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, konvertdagi pochta muhri Virjiniya shtatiga tegishli bo‘lib, o‘sha paytda Epshteyn bo‘lgan Nyu-Yorkka to‘g‘ri kelmaydi.
“Chiqish manzilida Epshteyn saqlangan qamoqxona ko‘rsatilmagan va chiqish xatlari uchun majburiy bo‘lgan mahbus raqami ham yo‘q. Konvert Epshteyn o‘limidan uch kun o‘tib qayta ishlangan”, deyiladi bayonotda.
Adliya vazirligi e’lon qilgan boshqa hujjatlarga ko‘ra, Donald Tramp 1990 yillarda Epshteynning xususiy samolyotida sakkiz marta uchgan, jumladan, rafiqasi va qizi bilan birga. Trampning aytishicha, u Epshteyn bilan 2006 yilda hibsga olinishidan oldinoq aloqalarni uzgan.
Donald Tramp joriy yil noyabr oxirida Adliya vazirligini Jeffri Epshteyn ishiga oid barcha materiallarni e’lon qilishga majburlovchi qonunni imzolagan. Materiallarning ilk qismi 19 noyabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, u 13 mingta tahrirlangan fayldan iborat edi.
Materiallarning ikkinchi qismi 22 dekabr kuni Adliya vazirligi saytida paydo bo‘ldi, ammo bir necha soatdan so‘ng fayllar o‘chirib tashlandi. Vazirlikning bildirishicha, “xakerlar vazirlikning yopiq veb-saytiga noqonuniy kirgan, u yerda yuristlar Epshteyn ishiga oid hujjatlarni rasmiy e’londan oldin jabrlanuvchilarni himoya qilish maqsadida tahrirlayotgan bo‘lgan”. Tahrirlangan materiallar 23 dekabr kuni qayta e’lon qilindi.
Live
Barchasi