Erdo‘g‘an Isroil va AQSHning Eronga hujumini qoraladi (video)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil va AQSHning Eronga uyushtirgan hujumlarini qoraladi, shu bilan birga, Islom Respublikasi tomonidan mintaqa davlatlaridagi nishonlarning o‘qqa tutilishini qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Bu haqda u bugun, 28 fevral kuni Istanbuldagi chiqishi chog‘ida so‘z ochdi.

“Biz bugungi, Eron suverenitetini ochiqdan ochiq buzuvchi hamda do‘st va qardosh Eron xalqi tinchligiga tahdid soluvchi hujumlarni qoralaymiz. Isroilning provokatsiyalari bilan boshlangan Amerika-Isroil hujumlaridan chuqur qayg‘udamiz va xavotirdamiz. Bilasizki, biz uzoq vaqt davomida kelishmovchiliklarni muloqot yo‘li bilan hal qilish uchun ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirdik. Mintaqamizdagi boshqa davlatlar ham qo‘llaridan kelgan barcha ishni qildilar. Biroq tomonlar o‘rtasidagi ishonch inqirozini yengib o‘tib bo‘lmagani, shuningdek, Isroilning jarayonni barbod qilishga bo‘lgan davomiy urinishlari sababli kutilgan natijaga erishilmadi”, deydi Erdo‘g‘an.

U, shuningdek, “xuddi shunday, Turkiya Eronning Fors ko‘rfazidagi qardosh davlatlarga raketa va dushman uchuvchisiz apparatlari orqali uyushtirgan hujumlarini, sabablaridan qat’i nazar, qabul qilib bo‘lmas deb hisoblashini” bildirgan.

Erdo‘g‘an Eron atrofidagi keskinlashuv fonida o‘z mamlakatining chegara va havo hududi xavfsizligini ta’minlashda hech qanday qiyinchiliklar yo‘qligini qayd etgan.

“Biz muammolarni samarali hal qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz va qilamiz. Bugun ertalabdan Tashqi ishlar vazirimiz, Milliy razvedka tashkiloti rahbari va barcha mutasaddi shaxslar o‘z hamkasblari bilan faol aloqada bo‘lib turishibdi. Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Chegaralarimiz va havo hududimiz xavfsizligi borasida muammolarimiz yo‘q. Armiyamiz, jandarmeriyamiz, politsiyamiz va razvedkamiz barcha zarur ehtiyot choralarini ko‘rmoqda. Mamlakatimiz va xalqimiz xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadigan siyosatga tayanib, ushbu vaziyatni muvaffaqiyatli yengib o‘tishimizga umid qilamiz”, deydi Erdo‘g‘an Istanbuldagi nutqi davomida.

U sulh o‘rnatish va Eron masalasi bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash uchun diplomatiyani zudlik bilan faollashtirish kerakligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin ravishda taranglashuvi va keng mintaqada yangi ziddiyatli holat yuzaga kelganidan jiddiy xavotir bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Erdo'g'an Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing