Erdo‘g‘an Qozog‘istondan quruq qo‘l bilan qaytmayapti

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qozog‘istonning yangi ta’sis etilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy ordenini olgan birinchi shaxs bo‘ldi. Taqdirlash marosimi Turkiya rahbarining Qozog‘istonga 13-14 may kunlari amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Ostonada bo‘lib o‘tdi.

Erdo‘g‘anga ordenni To‘qayev topshirgan. Bungacha, kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv chog‘ida To‘qayev ushbu mukofot Qozog‘iston xalqining samimiy hurmat-ehtiromining yorqin ifodasi bo‘lishini aytgan. 

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan To‘qayev Turkiya Erdo‘g‘an rahbarligida salmoqli yutuqlarga erishib, nufuzli va qudratli davlatga aylanganini qayd etgan. 

“Prezident Erdo‘g‘an global siyosatda adolat va mas’uliyat tamoyillarini izchil himoya qilib kelayotgan atoqli davlat arbobidir. Sizning “dunyo beshdan kattadir” degan konsepsiyangiz keng shuhrat qozondi. Bu, shubhasiz, xalqaro munosabatlar tizimidagi tengsizlikka qarshi dadil chaqiriqdir. Bundan tashqari, siz turkiy va Islom dunyosi hamkorligini mustahkamlashda alohida o‘rin tutasiz. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, siz turkiy dunyoning eng obro‘li yetakchilaridan birisiz. Siz qardosh mamlakatlarning ma’naviy va siyosiy birligini mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilib kelmoqdasiz”, degan Qozog‘iston Prezidenti.

Erdo‘g‘an To‘qayevga mukofot uchun minnatdorlik bildirib, uni Turkiya va uning xalqiga bo‘lgan ehtirom ramzi sifatida qabul qilishini aytgan.

To‘qayev tilga olgan “dunyo beshdan kattadir” konsepsiyasi Erdo‘g‘anning dunyodagi muammolarni faqat BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar (Rossiya, AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya) kuchi bilan hal qilib bo‘lmasligi va uni isloh qilish zarurligi haqidagi bayonotlarini anglatadi. Avvalroq To‘qayev ham BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish zarurligi haqida fikr bildirgan edi.

Qozog‘iston Senati (yuqori palata) 14 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisda davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Senat devoni rahbari Maksim Spotkayning ma’lum qilishicha, Xo‘ja Ahmad Yassaviy ordeni davlatchilik, gumanitar va ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mahalliy va xorijiy olimlar, jamoat va davlat arboblariga beriladi. Xo‘ja Ahmad Yassaviy (1103–1166) hozirgi Qozog‘istonning Turkiston viloyati joylashgan hududda tug‘ilib, ijod qilgan. U turkum she’rlar muallifi bo‘lib, Markaziy Osiyo turkiy xalqlari orasida Islom dinining tarqalishida muhim o‘rin tutgan shaxslardan biri sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing