Erdo‘g‘an va Putin nimalarni muhokama qildi?
Olam
−
12 dekabr 3390 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiya va Turkiya Prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkmanistonning Ashxobod shahrida uchrashgani haqida xabar berilgan edi. Ular Yevropa Ittifoqining Rossiya aktivlari bo‘yicha “ulkan firibgarlik uyushtirishga” bo‘lgan intilishini va Ukraina-Rossiya muzokaralarini muhokama qilgan. Bu haqida Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Yevropaliklarning Rossiya aktivlari bilan ulkan firibgarlik qilish istagi borligi haqidagi fikrlar almashildi. Prezident bunga mos, hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan bahosini berdi”, deydi Peskov.
Uning aytishicha, siyosatchilar Yevropa Ittifoqining Rossiya aktivlarini musodara qilishga bo‘lgan urinishlari Bretton-Vuds kelishuvi asosida barpo etilgan xalqaro moliyaviy tizimning izdan chiqishiga olib kelishini qayd etgan.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan o‘tkazgan uchrashuvida Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, Ukraina-Rossiya urushida keng qamrovli tinchlik sa’y-harakatlari muhokama qilinganini, Turkiya tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaganini ma’lum qilgan.
Erdo‘g‘an, shuningdek, urushni tugatishga qaratilgan muzokara jarayonlari yaqindan kuzatib borilayotganini, Turkiya barcha formatlarda uchrashuvlarga mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirgan. Uchrashuvda Falastin va Suriya bo‘yicha oxirgi vaziyat, shuningdek, Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayoni ham muhokama qilingan.
Ularning uchrashuvi 40 daqiqa davom etgan.
Ma’lumot uchun, Bretton-Vuds tizimi – xalqaro valyuta munosabatlari va savdo hisob-kitoblarini tashkil etish tizimi bo‘lib, 1944 yil 1-22 iyul kunlari o‘tgan Bretton-Vuds konferensiyasida joriy etilgan. U “oltin standart”ga asoslangan moliyaviy tizimning o‘rnini egallagan. Asosiy jahon valyutasi oltin bilan bog‘langan AQSH dollari bo‘lgan. O‘sha paytda xalqaro valyuta-kredit tashkilotlari – Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, Jahon banki tashkil etilgan.
Live
Barchasi