Erkaklar o‘rtasidagi “Australian Open” finalchilari aniq bo‘ldi
Sport
−
31 yanvar 793 2 daqiqa
Joriy yilning ilk “Katta dubulg‘a” turniri – Avstraliya ochiq chempionatining erkaklar o‘rtasidagi bahslari finalchilari aniq bo‘ldi. Musobaqaning hal qiluvchi bahsida dunyoning to‘rtinchi raqamli raketkasi, serbiyalik Novak Jokovich va dunyoning birinchi raketkasi ispaniyalik Karlos Alkarasga qarshi kortga chiqadi.
2026 yilgi Avstraliya ochiq chempionatining yarim finalida Jokovichning raqibi dunyoning ikkinchi raketkasi, italiyalik Yannik Sinner bo‘ldi. Besh set davom etgan bahsda serbiyalik tennischi 3/6, 6/3, 4/6, 6/4, 6/4 hisobida g‘alaba qozondi.
Tennischilar kortda 4 soat 9 daqiqa vaqt o‘tkazishdi. Ushbu uchrashuv davomida Jokovich 12 ta eys amalga oshirdi, uchta qo‘shaloq xatoga yo‘l qo‘ydi va sakkizta breyk-poyntdan uchtasidan unumli foydalandi.
Finalda Novak Jokovich dunyoning birinchi raketkasi hisoblangan, turnirning boshqa yarim final uchrashuvida germaniyalik Aleksandr Zverevni mag‘lub etgan ispaniyalik Karlos Alkarasga qarshi kortga chiqadi.
Agar Jokovich finalda g‘alaba qozonsa, bu uning faoliyatidagi 25-“Katta dubulg‘a” turniri chempionligi bo‘ladi. 38 yoshli serbiyalik tennischi Avstraliya ochiq chempionati finaliga 10 bor yetib kelgan va ularning barchasida zafar quchgan. Karlos Alkaras esa faoliyatida birinchi marta “Australian Open” finalida ishtirok etadi.
Ta’kidlash joiz, Yannik Sinner ushbu turnirda avvalgi ikki mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, musobaqaning final uchrashuvi joriy yilning 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi qariyb 75 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Live
Barchasi