Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
04 dekabr 4096 2 daqiqa
Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bugun, 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida uning nomzodi deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
“Xalqimiz yaxshi yashasin, farzandlari zamonaviy bilim va kasb egallasin, daromadi ko‘paysin deb harakat qilyapmiz. Men aminman, yana bir-ikki yil qattiq izlansak, Sirdaryoda juda katta o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. Viloyatda mana shunday ishlarni tashkil qilish uchun qat’iyatli, talabchan, eng asosiysi, aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga tezkor yechim topadigan salohiyatli rahbar kerak”, deydi davlat rahbari.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan. Prezident aholi va tadbirkorlarning fikrini o‘rganib, Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarayotgan Erkinjon Turdimovni tavsiya etishga qaror qilganini qayd etgan.
Viloyat faollarining fikrlari tinglanib, hokimni tayinlash masalasi ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Hokim Sirdaryoni rivojlantirish bo‘yicha rejalarini hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirib, viloyatni eng ilg‘or hududlardan biriga aylantirish uchun kelasi yil viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 185 ming odamni band qilish bo‘yicha qattiq ishlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimov 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U 2018 yildan 2024 yil noyabrgacha Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangandi.
Live
Barchasi