Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi – “Reuters”
Olam
−
28 fevral 6000 3 daqiqa
Bugun, 28 fevral kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Harbiy-dengiz floti ultra qisqa to‘lqinli radio orqali kemalarning Hormuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishi taqiqlanganini e’lon qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining “Aspides” dengiz missiyasi vakiliga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ushbu bo‘g‘oz dunyodagi eng muhim neft eksport yo‘nalishi bo‘lib, u orqali Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq va BAAdan yoqilg‘i yetkazib beriladi.
“Reuters” bilan anonimlik sharti bilan gaplashgan rasmiy vakilning so‘zlariga ko‘ra, Eron bunday buyruq mavjudligini rasman tasdiqlamagan. Biroq avval ham Tehron ko‘p yillar davomida Islom Respublikasiga qilingan har qanday hujumga javoban Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish bilan tahdid qilib kelgan.
Bundan oldin “Bloomberg” garchi bu yo‘l ochiq qolayotgan bo‘lsada, tankerlar Hormuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishdan qochishni boshlagani haqida yozgan. Xususan, Yaponiyaning Nippon Yusen KK kemachilik kompaniyasi o‘z kemalariga ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tmaslik haqida ko‘rsatma bergan, Gretsiya ham o‘z savdo flotini ogohlantirgan.
Eronning “Fars” agentligi xabar berishicha, tankerlar harakatining xalqaro monitoring tizimlari Hormuz bo‘g‘ozi hududida tankerlar tezligi nolga tushganini ko‘rsatmoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining 30 foizigacha qismi o‘tadi, u sayyoraning eng muhim energetika arteriyasi deb ataladi.
“Agar bo‘g‘ozdan o‘tish kemalar uchun xavfli bo‘lib qolsa, ular bu yo‘lni faqat G‘arb davlatlari harbiy-dengiz kuchlari himoyasidagi konvoylar tarkibida amalga oshirishi mumkin”, deb yozdi “Bloomberg”.
Nashrga ko‘ra, bu harakatni sekinlashtiradi, biroq jahon neft yetkazib berishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.
Neft narxi Eronga zarbalar berilishi arafasidayoq ko‘tarila boshlagan, narx bir barrel uchun 73 dollardan oshdi. Hormuz bo‘g‘ozi yopilgan taqdirda kotirovkalar 100 dollarlik dovondan oshib ketishi mumkin.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi