Eron AQSHni sulhni buzishda aybladi
Olam
−
26 may 1744 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni buzganlikda aybladi. Bu haqda Eron TIV bayonot berdi.
Unga ko‘ra, AQSH armiyasi sulh e’lon qilinganidan keyin ham “noqonuniy va asossiz harakatlarini” davom ettirgan va so‘nggi 48 soat ichida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qo‘pol ravishda buzgan. Tehron Vashington harakatlarini javobsiz qoldirmasligini ma’lum qilgan, ammo AQSH tomonidan aynan qaysi harakatlar sulhni buzgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi amerikalik harbiylarni himoya qilish maqsadida zarbalar amalga oshirilganini va sulh rejimi hali ham kuchda qolganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Eron bilan yadroviy masala bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishish imkoniyati yuqori ekanini aytgan. “The Washington Post” nashri ma’lumotiga ko‘ra, muhokama qilinayotgan hujjat Tehronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishini nazarda tutadi. Biroq Eron bu ma’lumotni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Bandar Abbos shahrida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) AQSHning uchuvchisiz apparatlari va F-35 qiruvchilari mamlakat havo hududini buzganini, dronlar urib tushirilgani va samolyot hududni tark etishga majbur qilinganini bildirgan.
Joriy yilning 24 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonlar kelishuvga yaqinlashganini va tez orada rasmiy e’lon qilinishi mumkinligini bildirgandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi mumkin.
Live
Barchasi