Eron delegatsiyasining bir qismi AQSH vizasini ololmadi

Sport

image

Futbol bo‘yicha Eron milliy terma jamoasi delegatsiyasining bir qismi, jumladan, murabbiylar shtabi a’zolari 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan AQSH vizalarini ololmagan. Bu haqda Turkiyadagi Eron elchixonasiga tayanib, “Agence France-Presse” xabar berdi. 

Joriy yilning 3 iyun kuni Eronning Turkiyadagi elchisi Muhammad Hasan Habibullozoda milliy terma jamoa futbolchilari Jahon chempionatida ishtirok etish uchun viza olganini ma’lum qilgandi. Bugun, 6 iyun kuni esa AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barak Eron jamoasi o‘yinchilari va yordamchi xodimlari vizalarni qo‘lga kiritganini tasdiqladi. Biroq Eron elchixonasi ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ma’lum qilgan.

“Nega terma jamoa rahbariyatining katta qismi, murabbiylar shtabi a’zolari, texnik maslahatchilar va jamoaning ajralmas qismi bo‘lgan boshqa shaxslarga viza berilmaganini aytmayapsiz?” deb yozgan Eronning Turkiyadagi elchisi X tarmog‘ida.

Eron tomoni mazkur qarorni “qasddan kamsitishga asoslangan munosabatning yuqori darajadagi ko‘rinishi”, deb baholagan.

Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi uchala o‘yinini ham AQSH hududida o‘tkazadi. Jamoa Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya terma jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olgan.

24 may kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Eron terma jamoasining Jahon chempionati uchun bazasini AQSHdan Meksikaga ko‘chirish haqidagi qarorni ma’qullagan edi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati joriy yilning 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Turnir tarixida ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing