Eron Isroil janubidagi kimyo zavodiga zarba berdi
Olam
−
30 mart 5029 2 daqiqa
Isroil janubidagi Neot-Xovav sanoat hududida joylashgan kimyo zavodiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Ynetnews xabar berdi.
Hodisa joyidan ishchilar va xodimlar zudlik bilan evakuatsiya qilingan. Xavfli moddalar bilan ishlovchi maxsus xizmatlar hamda monitoring guruhlari sanoat hududida zaharli moddalar sizib chiqishi xavfini o‘rganmoqda. Tez tibbiy yordam xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir kishi yengil jarohat olgan.
Isroilning xabariga ko‘ra, hodisa haqida ma’lumot olingach, Beer-Sheva shahridan uchta maxsus xavfli moddalar bilan ishlovchi guruh va monitoring bo‘linmalari voqea joyiga yuborilgan. Nashr hozircha jabrlanganlar haqida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirgan.
OAV ham bir erkak jarohat olganini, unga tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, sanoat hududi yaqinidagi korxonalar xodimlari xavfli moddalar sizib chiqishidan qo‘rqib, ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Neot-Xovav hududida o‘nlab yirik zavodlar faoliyat yuritadi va minglab ishchilar mehnat qiladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi ham voqea joyiga o‘z mutaxassislarini yuborganini ma’lum qilgan.
Eronning “Fars” agentligi manbasiga tayanib xabar berishicha, zarba Isroil janubidagi harbiy sanoat bilan bog‘liq zavodga qaratilgan. Ushbu hujum Eron sanoati va zavodlariga qarshi ehtimoliy hujumlarga ogohlantirish sifatida baholanmoqda.
Beer-Sheva shahridan janubda joylashgan Neot-Xovav sanoat hududi Isroil kimyo sanoatining muhim markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda mamlakatdagi barcha kimyoviy mahsulotlarning qariyb yarmi ishlab chiqariladi. Hududda, shuningdek, elektr stansiya va omborlar ham mavjud.
Live
Barchasi