Eron qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi (video)
Olam
−
07 mart 24850 4 daqiqa
Eronning Muvaqqat rahbariyat kengashi agar Yaqin Sharq mamlakatlari hududidan hujumlar uyushtirilmasa, ularga qarshi yangi zarbalar bermaslik haqida qaror qabul qildi. Bu haqda bugun, 7 mart kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon televideniye orqali yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
“Afsuski, hozir shunday jarayon yuz bermoqdaki, ular barcha xalqaro qonunlarni e’tiborsiz qoldirib, xohlagan joylarini bombardimon qilmoqda. Maktablar, shifoxonalar va mamlakatimizdagi turli markazlarni ham bombardimon qilishdan tiyilmayapti.
Shu o‘rinda mamlakatimizning ulug‘ xalqiga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu qiyinchiliklarga qaramay, ular har kecha maydonda turibdi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar – kim eronlik bo‘lsa, kim Eronda yashasa, qaysi din vakili bo‘lishidan, qanday holatda yoki qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar – barchasi Eron tuprog‘ining yaxlitligini himoya qilish uchun turibdi.
Bu holat tariximizdagi sharafimizni yana-da baland qiladi va dushmanlarimizni o‘z rejalaridan umidsiz qiladi. Biz bu buyuk xalqdan minnatdormiz.
Bir-birimizdan bo‘lgan barcha kelishmovchiliklar, xavotirlar va ranjishlarni bugun chetga surishimiz kerak. Mening ishonchim shuki, bugun hammamiz birlashib, qo‘lni qo‘lga berib, suvimizni, tuprog‘imizni va yurtimizni qat’iyat bilan himoya qilishimiz lozim. Biz jonimizni tikkan holda turibmiz, toki Eronni bu inqirozdan boshini baland holda olib chiqaylik”, deydi Eron Prezidenti.
Shuningdek, u Eron hech qachon shartsiz taslim bo‘lmasligini aytgan.
“Biz shartsiz taslim bo‘lamiz deb o‘ylayotganlar bu orzuni o‘zlari bilan qabrga olib ketishadi. Biz xalqaro qonunlarga, insoniy me’yorlarga va o‘zlari doimo tilga oladigan tamoyillarga sodiqmiz. Ularning o‘zi ham aynan shu qoidalarga amal qilishi va barcha davlatlarning, tabiiyki, Eronning ham huquqlarini inkor etmasligi kerak.
Shu yerda qo‘shni davlatlarga murojaat qilib, Erondan hujumga uchraganlari uchun o‘z nomimdan uzr so‘ramoqchiman. Chunki yuz bergan voqealar – qo‘mondonlarimiz, rahbarimiz va aziz insonlarimizning hayotdan ketishi – bizga qarshi bo‘lgan vahshiyona tajovuz oqibatida yuz berdi.
Qurolli kuchlarimiz – jonini vatan uchun tikkan qahramonlar – mamlakat hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun kurashdi. Qo‘mondonlar halok bo‘lgan paytda ular mustaqil ravishda zarur deb bilgan barcha choralarni ko‘rishdi va yurtimizni sharaf bilan himoya qilishdi.
Biz qo‘shni davlatlarga tajovuz qilish niyatida emasmiz. Men buni ko‘p bor aytganman – ular bizning birodarlarimizdir. Biz mintaqada ular bilan birga bo‘lib, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashimiz kerak.
Kecha Muvaqqat rahbarlik kengashida qabul qilingan qarorga ko‘ra, bu qaror Qurolli kuchlarga yetkazildi: bundan buyon qo‘shni davlatlarga hujum qilish yoki ularga raketa otish taqiqlanadi. Faqat agar o‘sha davlatlar hududidan bizga hujum qilinsa, bundan mustasno”, deydi Pezeshkiyon.
Prezidentning aytishicha, bu masalalarni qo‘shnilar bilan mojaroga kirishish orqali emas, diplomatiya orqali hal qilish kerak.
“Menimcha, bu masalalarni qo‘shnilar bilan mojaroga kirishish orqali emas, diplomatiya orqali hal qilishimiz kerak. Xalqimiz shuni bilishi kerakki, hukumatdagi barcha vazirlarimiz va barcha tuzilmalarimiz bor kuchi bilan ishlamoqda. Qo‘limizdan kelganicha hech qanday sustkashlik qilmaymiz.
Biz xalqimizning xizmatkorimiz. Xalqimiz uchun biz tomondan hech qanday muammo tug‘ilmasligi uchun harakat qilamiz. Ammo haqiqat shuki, urush ketmoqda. Biz o‘zimizni urushga tayyorlaganmiz va tayyorlashda davom etamiz.
Muqaddas oyda Allohdan so‘raymizki, bizga shunday iymon va qat’iyat bersinki, mamlakatimiz yaxlitligini, xalqimizning sha’ni va g‘ururini kuch bilan himoya qila olaylik. Bu kelajak avlodlar uchun ham saboq bo‘lsin: zarurat tug‘ilganda eronliklar har doim birlashadi.
Qo‘shni davlatlarga ham shuni aytmoqchiman: ayrim guruhlar yoki kuchlar bu vaziyatdan foydalanib, bizning hududimizga hujum qilishni o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Ularga shuni aytaman: imperializm qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmanglar.
Bizda ham kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin, bir-birimizdan ranjishimiz mumkin. Ammo hozir Isroilning genotsidiga va AQSHning zo‘ravon siyosatiga tayanch bo‘lish – bu doimiy sharmandalik bo‘ladi. Mustamlakachilar va qatliomchilar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lish erkinlik va sharaf olib kelmaydi.
Agar kelishmovchiliklarimiz bo‘lsa, yaxshisi o‘zaro o‘tirib hal qilaylik. Ammo Isroil va AQSH qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolmaylik”, deydi Eron Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri aeroporti hududiga Eron droni qulab, portlab ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi