Eron Ukrainaga raketa zarbalari bilan tahdid qildi
Olam
−
14 mart 9002 2 daqiqa
Eron, agar Ukraina Isroilga harbiy yordam ko‘rsatishni, xususan, dronlar yetkazib berishni davom ettirsa, ushbu mamlakatga raketa zarbalari berishni boshlaydi. Bu haqda Eron parlamenti Milliy xavfsizlik komissiyasi raisi Ibrohim Aziziy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Isroil rejimini dronlar bilan qo‘llab-quvvatlayotgan va parokandalikka yuz tutgan Ukraina amalda urushga aralashib qoldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasiga muvofiq, u o‘zining butun hududini Eron uchun qonuniy nishonga aylantirdi”, deb yozdi u.
Ukraina haqiqatan ham Yaqin Sharq mamlakatlari bilan Eron dronlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirgan. Joriy yilning 8 mart kuni Ukraina Prezident Vladimir Zelenskiy ukrainalik ekspertlar Amerika bazalarini himoya qilish uchun tutuvchi dronlar bilan birga Iordaniyaga yuborilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jami 11 ta davlatdan, jumladan, Yaqin Sharq mamlakatlari, AQSH va ba’zi Yevropa davlatlaridan yordam so‘rab rasmiy so‘rovlar tushgan. “The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina bilan mudofaa sohasida hamkorlik qilish istagini bildirgan davlatlar orasida Saudiya Arabistoni ham bor.
Shu bilan birga, Eronning o‘zi ham uzoq vaqtdan beri Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda yordam berib kelmoqda. Tehron, xususan, Moskvaga minglab “Shahid” zarba beruvchi dronlarini hamda ularni Rossiya hududida ishlab chiqarish texnologiyalarini topshirgan.
Joriy yilning 12 mart kuni Zelenskiy Ruminiya Prezidenti bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida eronlik operatorlar rossiyalik harbiylarni ushbu dronlarni qo‘llashga o‘rgatgani va Ukraina shaharlariga qilingan ilk hujumlarda ishtirok etganini ta’kidlagan. Shuningdek, Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Eron Rossiyaga 150 mingga yaqin artilleriya snaryadlari va raketalarni yetkazib bergan.
“Eronliklar ham hujjatlarda, ham amalda Rossiyaning ittifoqchilaridir”, deydi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqqa AQSH dengiz piyoda qo‘shinlarining 5 ming nafargacha bo‘lgan qo‘shimcha kontingentini, shuningdek, bir nechta harbiy kemalarni jo‘natishni ma’qullagandi.