Erondagi namoyishlarda 30 ming odam halok bo‘ldi – OAV
Olam
−
26 yanvar 3387 2 daqiqa
Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari vaqtida 30 minggacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylariga tayanib, “Time” xabar berdi.
Bu ma’lumotni jurnalistlar bilan suhbatda Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar yuqori lavozimli rasmiysi anonimlik sharti bilan keltirgan.
Nashrning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar soni shunchalik ko‘p bo‘lganki, favqulodda xizmatlarda jasadlar uchun mo‘ljallangan xaltalar yetishmagan, tez yordam mashinalari o‘rniga esa tirkamali tortuvchi texnikalardan foydalanishga to‘g‘ri kelgan.
Eron rasmiylari tomonidan 23 yanvar kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar oqibatida 3117 kishi halok bo‘lgan. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, ular orasida 2427 nafar tinch aholi vakillari va xavfsizlik xodimlari, shuningdek 690 nafar “terrorchi” bor.
“Time” jurnali suhbatdoshlari keltirgan raqamlarni mustaqil tarzda tasdiqlay olmaganini qayd etadi. Biroq maqolada aytilishicha, bu ko‘rsatkichlar shifokorlar va favqulodda xizmatlar xodimlari tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga yaqin.
Jurnalistlar bilan suhbatlashgan shifokor Amir Parastaning aytishicha, u tayyorlagan hisobotda harbiy shifoxonalardagi morglarga olib kelinganlar, shuningdek hisob-kitob olib borilmagan hududlardagi qurbonlar inobatga olinmagan. Uning fikricha, real qurbonlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSHda joylashgan Human Rights Activists News Agency (HRANA) 24 yanvar holatiga ko‘ra, norozilik namoyishlari oqibatida 5459 kishining o‘limini tasdiqlagan, yana 17 031 ta xabar tekshirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab namoyishlar vaqtida internet va mobil aloqa o‘chirilgani sababli, jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning aniq sonini aniqlash hozircha mushkul ekani qayd etiladi.
Erondagi ommaviy norozilik namoyishlariga mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgan. Tehron tartibsizliklarni tashkil etishda AQSH va Isroilni aybladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron hukumati namoyishlarni qat’iy bostiradigan bo‘lsa, respublikaga zarba berish bilan tahdid qilgan. Biroq ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, u bu fikridan qaytgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 yanvar kuni Tramp “har ehtimolga qarshi” AQSHning “katta flotiliyasi” Eron tomonga yo‘l olganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi