Erondagi urush Dubay shokoladining keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda

Olam

image

Erondagi urush fonida pista narxlarining keskin oshishi mashhur Dubay shokoladi ishlab chiqaruvchilariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Eron dunyodagi pista ishlab chiqarishining qariyb beshdan bir qismini va eksportining 25–30 foizini ta’minlaydi. Ammo urush sabab logistika zanjirlari buzilib, yuk tashish yo‘nalishlari o‘zgargan, bu esa yetkazib berishda kechikishlar va xarajatlarning oshishiga olib kelgan.

Oqibatda pista narxlari so‘nggi yillardagi eng yuqori darajaga chiqqan. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida narxlar bir funt (taxminan 450 gramm) uchun 4,57 dollargacha yetgan. Bu esa 2018 yildan beri kuzatilmagan rekord ko‘rsatkich sanaladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bozordagi vaziyat tobora noaniq bo‘lib bormoqda. Londondagi yong‘oq mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya rahbarlari hatto narx belgilashni “xuddi qimor o‘yiniga o‘xshash” deb baholagan.

Talabning oshishiga esa mashhur Dubay shokoladi sabab bo‘lmoqda. Ushbu mahsulot tarkibida pista kremi bo‘lgani uchun uning ommalashuvi pista va unga asoslangan boshqa mahsulotlarga global talabni keskin oshirgan.

Shu bilan birga, muammo faqat urush bilan bog‘liq emas. Tahlilchilarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqaruvchilar – AQSH, Turkiya va Eronda 2025 yil hosili kutilganidan kam bo‘lgan. Eronda esa qurg‘oqchilik hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Eron eksportiga G‘arb sanksiyalari ham cheklovlar kiritgan.

Eronlik ishlab chiqaruvchilar vakillarining aytishicha, eksport ayniqsa Bandar-Abbos porti orqali jiddiy zarar ko‘rgan. Muqobil yo‘llar masalan, Turkiya orqali yoki Suvaysh kanali orqali tashish ancha qimmat va uzoq vaqt talab qiladi.

Xaridorlar esa Eron pistasiga muqobil variant izlamoqda, asosan AQSHdan. Biroq amerikalik eksportchilar ham zaxiralarining katta qismini allaqachon sotib bo‘lgan. Bundan tashqari, mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eron pistasining yog‘ miqdori yuqori bo‘lgani sababli uning ta’mi boshqalardan farq qiladi va uni to‘liq almashtirish qiyin.

Umuman olganda, urush va boshqa omillar kombinatsiyasi global pista bozorida jiddiy beqarorlikni yuzaga keltirib, Dubay shokoladi ishlab chiqaruvchilari uchun muammolarni kuchaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Fix dessert chocolatier” savdo brendi ostidagi Dubay shokolad mahsuloti ustidan nazorat tadbiri amalga oshirildi va unda inson salomatligi uchun xavfli bakteriyalar aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron pista Dubay shokoladi Bandar-Abbos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing