Erondagi vaziyat sabab Lavrov kutilmaganda Xitoyga bordi
Olam
−
08:51 6234 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki kunlik tashrif bilan Pekinga bordi va u yerda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, BMT, BRICS, SHHT, G20 va APEC kabi xalqaro tuzilmalardagi hamkorlik muhokama qilinadi. Shu bilan birga, Ukraina mojarosi va Yaqin Sharqdagi vaziyat kabi dolzarb masalalar ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Bu tashrif AQSH va Eron o‘rtasida Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar fonida amalga oshmoqda. Ushbu muzokaralar 20 soatdan ortiq davom etgan bo‘lsa-da, yakunda kelishuvga erishilmadi va shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilish boshlanganini e’lon qildi. Shunga qaramay, vositachi davlatlar – Pokiston, Misr va Turkiya ikki haftalik sulh muddati tugashidan oldin yana bir muzokara raundini tashkil etishga umid qilmoqda.
“The New York Times” nashri ma’lumotiga ko‘ra, aynan Xitoy AQSH va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulhga erishilishida muhim rol o‘ynagan.
Hormuz bo‘g‘ozi Xitoy uchun juda muhim, chunki mamlakat import qiladigan neftning qariyb yarmi aynan shu yo‘l orqali o‘tadi. Shu sababli mintaqadagi vaziyat Pekin uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. Ayni paytda Xitoyning Eronni havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlashi mumkinligi haqida xabarlar ham tarqalgan, biroq Pekin bu ma’lumotlarni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAVlar Eron AQSH bilan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Pokistonning diplomatik sa’y-harakatlari va Xitoyning Tehronga qilgan bosimi ortidan rozi bo‘lgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi