Eronga rasman yangi oliy rahbar tayinlandi

Olam

image

Eronning yangi oliy rahbari etib 56 yoshli Sayyid Mujtabo Xomanaiy tayinlandi. Bu haqda mamlakatning Ekspertlar kengashiga tayanib, “Fars” xabar berdi.

Sayyid Mujtabo Xomanaiy – halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi. Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi o‘tkazilgan harbiy operatsiya vaqtida berilgan zarbalarda halok bo‘lgan.

Mujtabo Xomanaiy shialik ruhoniy bo‘lib, Eronning siyosiy va diniy doiralarida katta ta’sirga ega shaxs sifatida tanilgan. U uzoq yillar davomida oliy rahbar ma’muriyatida muhim vazifalarda ishlagan va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan yaqin hamkorlik qilgan.

Ekspertlar kengashi yangi oliy rahbarni 8 mart kuni ertalab saylagan. Kengash a’zosi Muhammad Mehdiy Mirbog‘eriy ekspertlar bu masalada kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Biroq kengash kotibiyati avval bu qarorni darhol e’lon qilmagan.

Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, oliy rahbar lavozimiga siyosiy yoki diniy arbob saylanishi mumkin. Nomzod halol va taqvodor bo‘lishi, boshqaruv qobiliyatiga ega bo‘lishi, yaxshi obro‘ga ega bo‘lishi, mamlakatning rasmiy diniga e’tiqod qilishi va Islom Respublikasi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashi shart. Oliy rahbar lavozimi umrbod beriladi.

Sayyid Mujtabo Xomanaiy Eron tarixidagi uchinchi oliy rahbar bo‘ldi. Undan avval bu lavozimni Ruhulloh Xumayniy va Oyatulloh Ali Xomanaiy egallagan. Ruhulloh Xumayniy 1979 yilgi Islom inqilobi orqali mamlakatdagi shoh hokimiyati ag‘darilganidan keyin hokimiyatga kelgan. U 1989 yilda vafot etgan.

Ruhulloh Xumayniy rahbarligi davrida Ali Xomanaiy Eron prezidenti bo‘lib ishlagan. O‘sha vaqtda prezident lavozimi ko‘proq ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, ijroiya hokimiyatning asosiy vakolatlari bosh vazir qo‘lida bo‘lgan.

Ali Xomanaiy 1989 yil iyun oyida Eron oliy rahbari lavozimini egallagan va qariyb 37 yil davomida bu lavozimda qolgan.

Eronning yangi oliy rahbari lavozimi uchun bir nechta nomzod ko‘rib chiqilgan. Ular orasida Alirizo Arofiy – Ekspertlar kengashi raisi o‘rinbosari, shuningdek mamlakatdagi diniy ta’lim muassasalari tizimi rahbari bo‘lgan. U avval konstitutsiyani muhofaza qilish kengashi a’zosi ham bo‘lgan.

Shuningdek, Muhammad Mehdiy Mirbog‘iriy – ruhoniy va Ekspertlar kengashi a’zosi, diniy doiralarning eng konservativ qanoti vakili sifatida ham nomzodlardan biri bo‘lgan.

Nomzodlar qatorida yana Sodiq Lorijoniy ham bor edi. U Oyatulloh Hoshim Omuliyning o‘g‘li va Eron parlamenti sobiq spikeri Ali Lorijoniyning ukasi hisoblanadi. Sodiq Lorijoniy ayni paytda Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yangi rahbariyatiga qarshi navbatdagi zarba berilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Sayyid Mujtabo Xomanaiy oliy rahbar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing