Eronning Natanz yadroviy inshootiga jiddiy zarar yetgani aniqlandi
Olam
−
03 mart 5057 1 daqiqa
Vantor kompaniyasi tomonidan joriy yilning 1 va 2 mart kunlari olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Eronning Isfahon viloyatida joylashgan Natanz yadroviy inshootlari majmuasida yangi shikastlanishlar yuzaga kelganini ko‘rsatdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Kecha, 2 mart kuni olingan suratlarda majmua hududidagi kamida ikkita kichik bino jiddiy zarar ko‘rganini ko‘rish mumkin. Ushbu binolar 1 mart kuni olingan tasvirlarda butun holatda bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Natanz inshooti avval ham nishonga olingan edi. 2025 yilning iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasida yuz bergan 12 kunlik mojaro davomida bu obekt asosiy nishonlardan biri ekani ta’kidlangan. Keyinchalik AQSH ham mazkur mojaroga qisqa muddatga qo‘shilgan.
Eron tomoni 1 mart kuni Natanz yana hujumga uchraganini ma’lum qildi. Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Eslami BMTning yadroviy nazorat agentligiga yo‘llagan maktubida AQSH va Isroilni obektga ikki marta zarba berganlikda ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yadroviy nazorat agentligi (MAGATE) rahbari Rafayel Grossi Eronga berilgan zarbalar oqibatida hozircha jiddiy yadroviy zarar alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi