Falastin futbol rahbari isroillik hamkasbiga qo‘l bermadi (video)
Sport
−
01 may 4689 2 daqiqa
Falastin futbol federatsiyasi prezidenti Jibril Rajub konferensiyada Isroil futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Basim Sheyx Suleymon bilan birga turishdan va qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Kanadada bo‘lib o‘tgan FIFA’ning 76-kongressida Falastin va Isroil vakillari bir-biriga yaqin joylashtirilgan. Ikkala shaxsni ham FIFA prezidenti Janni Infantino minbarga chaqirgan, ammo Falastin vakili Suleymon bilan qo‘l berib ko‘rishmagan. Infantino Rajubning qo‘liga tegib, uni Suleymonga yaqinlashishga ishora qilgan, ammo bu urinish samara bermagan.
Ma’lumot uchun, Basim Suleymon Isroilda yashovchi falastinlik fuqarolardan hisoblanadi.
“Men isroilliklar tomonidan fashizm va genotsidni oqlash uchun olib kelingan odam bilan qo‘l berib ko‘risholmayman! Biz azob chekyapmiz!”, degan yig‘ilishda qatnashgan Falastin FA vitse-prezidenti Susan Shalabiy agentlikka bergan intervyusida.
Isroil rasmiysi esa G‘azoda genotsid sodir etilyotganini rad etgan.
“Biz birga ishlaymiz, prezident Rajub, vitse-prezident Suleymon. Bolalarga umid berish uchun birga ishlashimiz kerak. Bu juda murakkab masalalar”, degan Infantino shundan so‘ng minbarga chiqib.
Kongress tugaganidan so‘ng nashr bilan suhbatda Shalabiy Infantinoning Rajub va Suleymonni qo‘l berib ko‘rishishga chaqirishi Falastin FA rahbarining nutqiga yetarlicha e’tibor berilmaganini ko‘rsatganini aytib o‘tgan.
“Jibril Rajub qariyb 15 daqiqa davomida qoidalar qanchalik muhim ekanini, bu holat qanday qilib a’zo assotsiatsiyalar huquqlari ochiqchasiga buzilishi uchun pretsedentga aylanishi mumkinligini tushuntirdi, keyin esa bunga shunchaki ko‘z yumishga urinishdi. Bu absurd! Shuncha gaplardan keyin qo‘l berib ko‘rishishga majbur qilingan holat nutqning butun ma’nosini yo‘qqa chiqaradi”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan hafta Falastin futbol assotsiatsiyasi FIFA’ning Isroilga qarshi chora ko‘rmaslik qaroridan norozi bo‘lib, Sport arbitraj sudiga murojaat qilgan edi. Ular uzoq vaqtdan beri G‘arbiy sohildagi aholi punktlarida joylashgan klublar Isroil futbol assotsiatsiyasi ligalarida ishtirok etmasligi kerakligini ta’kidlab keladi. Falastinliklar bu hududni kelajakdagi mustaqil davlatining bir qismi sifatida ko‘rishadi. FIFA esa o‘tgan oyda G‘arbiy sohilning xalqaro huquqdagi maqomi hali hal etilmaganini sabab qilib, Isroil futbol assotsiatsiyasi yoki klublariga nisbatan hech qanday chora ko‘rmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA va UEFA Isroil jinoyatlariga sheriklikda ayblanyotgani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi