FIFA’ga nisbatan firibgarlik bo‘yicha tergov boshlandi

Sport

image

Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari bosh prokurorlari Letisha Jeyms hamda Jennifer Devenport FIFA’ga nisbatan dinamik narx belgilash va ehtimoliy firibgarlik holatlari bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda ularning qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi. 

“Nyu-York aholisi Jahon chempionatining o‘z shahriga kelishini yillar davomida kutdi va ular chiptalarni adolatli narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Hech kim o‘rinlar uchun asossiz ravishda yuqori narx to‘lashga majbur bo‘lmasligi lozim. Muxlislar xarid qilgan chiptalari o‘z qiymatiga mos ekaniga ishonishi kerak. Ammo FIFA Jahon chempionati chiptalarini sotib olish jarayonini tushunarsizlik, sun’iy tanqislik va haddan tashqari yuqori narxlar tizimiga aylantirdi. Bu esa iste’molchilar va mehnatkash Nyu-Jersi aholisi hisobidan amalga oshirilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Prokurorlar muxlislardan kelib tushgan qator shikoyatlarni o‘rganmoqda. Ular orasida o‘rinlarni qayta taqsimlash, chipta narxlarining keskin oshib ketishi hamda birinchi toifadagi chiptalar uchun yangi va qimmatroq kichik toifa joriy etilgani haqidagi e’tirozlar bor.

Shuningdek, Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta ham muxlislarning chalg‘ituvchi chipta savdosi haqidagi shikoyatlaridan so‘ng tergov boshlagan va FIFA’dan rasmiy tushuntirish talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQSHda bo‘lib turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati tergov FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing