Fransiya AQSHni Venesuelada xalqaro huquqni buzishda aybladi
Olam
−
03 yanvar 5051 2 daqiqa
AQSHning Venesuelaga bostirib kirishi va uning Prezidentini qo‘lga olishi xalqaro huquqqa zid va global xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Telegram’dagi kanalida so‘z ochdi.
“Nikolas Maduroni qo‘lga olishga olib kelgan harbiy operatsiya xalqaro huquqning markazida bo‘lgan kuch ishlatmaslik tamoyiliga ziddir. Fransiya hech qanday uzoq muddatli siyosiy yechimni tashqaridan majburlab bo‘lmasligini va suveren xalqlar o‘z kelajagini o‘zlari belgilashini eslatadi”, deb yozdi u.
Barro Venesuela Prezidentining siyosatini tanqid qildi, ammo Parij ovozi ustun bo‘lishi kerak bo‘lgan Venesuela xalqining suverenitetini hurmat qilishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Tashqi ishlar vaziri Qo‘shma Shtatlarning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi alohida mas’uliyatini qayd etib, ushbu organning doimiy a’zolari tomonidan kuch ishlatmaslik tamoyilini buzish global xavfsizlik uchun hech kim qochib qutula olmaydigan jiddiy oqibatlarga olib kelishini eslatdi.
Shuningdek, u Parijning BMT Nizomiga sodiqligini bildirdi va barcha davlatlarni unga amal qilishga chaqirdi.
AQSHning Venesuelaga hujumi
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.
Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini yig‘ishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.
Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. AQSH Bosh prokurori Pamela Jo Bondiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari qo‘yilgan.
Live
Barchasi