Fransiya pochtasi keng ko‘lamli kiberhujumga uchradi

Olam

image

Fransiyaning milliy pochta operatori La Poste Rojdestvo bayrami arafasida yirik kiberhujumga uchradi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha 22 dekabrdan boshlab kompaniyaning rasmiy sayti ishlamay qolgan, jo‘natmalarni eltish va yetkazib berish jiddiy qiyinlashgan, ularni onlayn kuzatish imkoniyati yo‘qolgan. Fransiya bo‘ylab pochta bo‘limlarida xodimlar norozi bo‘lgan mijozlarni tinchlantirishga majbur bo‘lmoqda.

Shuningdek, pochta operatorining bank bo‘linmasi mijozlari ham mobil ilovalar orqali o‘z hisoblariga kira olmayotganini bildirgan. Rasmiylar fuqarolarni shaxsiy ma’lumotlar xavfsiz ekaniga ishontirgan. Vaqtinchalik choralar sifatida to‘lovlarni tasdiqlash SMS-xabar orqali amalga oshirilishi mumkinligi aytilgan.

Nashrning yozishicha, servislar bilan bog‘liq muammolar aslida 20 dekabrdan boshlab kuzatilgan, biroq milliy operator bu nosozliklar ham xakerlar hujumi bilan bog‘liq bo‘lgan-bo‘lmaganini aniq ayta olmayapti. Hozircha hech bir guruh ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Qayd etilishicha, pochta tizimiga qilingan hujumdan oldin Fransiya Ichki ishlar vazirligi ham xakerlar nishoniga aylangan. O‘zini hujum uchun mas’ul deb e’lon qilgan xaker 16,4 million nafar Fransiya fuqarosiga oid ma’lumotlarga ega bo‘lganini iddao qilgan. Biroq vazirlik bu ma’lumotni rad etib, xaker faqat bir necha o‘nlab hujjatlarni qo‘lga kiritganini, ular orasida qidiruvga oid ma’lumotlar va ayrim bayonnomalar bo‘lganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya maxsus xizmatlari dunyodagi eng yirik konteyner tashish kompaniyasiga tegishli bo‘lgan kemaga kiberhujum uyushtirgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hujum Fransiyaning janubidagi Set portidan parom jo‘nab ketishini bir kunga kechiktirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya pochta kiberhujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing