Futzal: O‘zbekiston Osiyo kubogida qiyin g‘alabaga erishdi

Sport

image

Bugun, 17 aprel kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida futzal bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari start oldi. Dastlabki turda Avstraliya bilan kuch sinashgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 3:2 hisobida zafar quchib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

“B” guruhidan o‘rin olgan uchrashuvda dastlab “kengurular yurti” vakillari hisobni ochdi. 5-daqiqada Avstraliya jamoasi a’zosi Ueyd Jiovenali jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limda Xose Venansio shogirdlarida bir qator imkoniyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa ham, bitta to‘p farqi o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘limni “oq bo‘rilar” tezkor hujumlar bilan boshlab, 1 daqiqa ichida 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 21-daqiqada O‘zbekistondan gollarga Akbar Usmonov va Dilshod Rahmatov mualliflik qildi. 35-daqiqada Dilshod Rahmatov o‘yinda dubl rasmiylashtirib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. 38-daqiqada raqib futbolchisi Tayler Garner jamoasining o‘yindagi ikkinchi golini kiritdi. 3:2 hisobi o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi.

Shunday qilib, qit’a birinchiligida g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri sifatida qaralayotgan O‘zbekiston jamoasi uch ochkoni qo‘lga kiritib, o‘z guruhida peshqadamga aylanib oldi. Jamoa keyingi o‘yinni 19 aprel kuni Iroqqa qarshi o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Avstraliya Osiyo kubogi Futzal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing