“G‘arb Rossiyani Markaziy Osiyodan siqib chiqarmoqchi” - Rossiya TIV
Olam
−
20 may 6958 1 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin G‘arb davlatlari Rossiyani Markaziy Osiyodan siqib chiqarishga urinayotganini da’vo qildi. Bu haqda u “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida aytgan.
Galuzinning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Yevropa Ittifoqi mintaqaning asosiy transport yo‘laklari hamda tabiiy resurslari ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda. U ayniqsa Vashingtonning noyob yer metallari va muhim minerallar bo‘yicha bitimlarni faol kengaytirayotganidan Moskva xavotirda ekanini bildirgan. Uning fikricha, bu Rossiyaning mintaqadagi iqtisodiy va siyosiy ta’sirini zaiflashtirishi mumkin.
“Bu oddiy iqtisodiy raqobat emas, balki Rossiyani siqib chiqarish va chegaralarimiz yaqinida G‘arb nazoratidagi infratuzilmani yaratishga urinishdir”, degan u.
Uning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga iqtisodiyotni turli yo‘nalishlarda rivojlantirish va “tashqi tahdidlardan himoya” qilishga qaratilgan tashabbuslarni taklif qilmoqda.
Biroq Moskva buni Rossiya bilan tarixiy aloqalarni zaiflashtirishga qaratilgan siyosat sifatida baholamoqda.“Shuni ta’kidlamoqchimanki, na Rossiya, na Markaziy Osiyodagi tarixiy do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimiz bunday ssenariylardan manfaatdor. Mintaqa davlatlari o‘zga kuchlarning geosiyosiy o‘yinida piyoda bo‘lishni istamaydi. Biz umumiy manfaatlarimizni himoya qilish hamda Yevrosiyoda integratsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlashda davom etamiz”, dedi u.
Live
Barchasi