G‘arbda o‘zbeklar haqidagi stereotiplarni buzyapman – Tanya Merchant
Intervyu
−
01 avgust 6987 2 daqiqa
Bugun faqat o‘zbekistonliklar xorij musiqasi, tili va madaniyatiga oshiq, deyishga shoshilmang. Chunki xorijda ham shunday insonlar borki, ular o‘zbek tilida O‘zbekistonda tug‘ilib, shu yerda yashayotgan ba’zi odamlardan ancha yaxshi gaplasha oladi. O‘zbek madaniyatini xoh ummon ortida, xoh Yevropa davlatlarida bo‘lsin, keng targ‘ib qiladi, kitoblar yozadi.
Bugun sizga tanishtirmoqchi bo‘lgan qahramonimiz yuqoridagi barcha sifatlarni o‘zida mujassam etgan. U nafaqat ilmiy izlanishlar olib borgan, balki dutor ijrochisi sifatida Markaziy Osiyo madaniyatiga bevosita hissa qo‘shib kelmoqda. Bu QALAMPIR.UZ mehmoni – O‘zbekiston musiqasi, ayol san’atkorlarning jamiyatdagi o‘rni va postsovet madaniy o‘zgarishlari haqida chuqur tadqiqotlar olib borgan amerikalik taniqli etnomusiqashunos Tanya Merchant, o‘zbekchada Tanya opa.

Tanya Herter Merchant 1978 yilda AQSHning Alyaska shtatida tug‘ilgan. Hozirda Kaliforniyadagi Santa-Kruz universiteti professori. Mutaxassisligi – etnomusiqashunoslik. U “O‘zbekiston musiqachi ayollari: hovlidan konservatoriyagacha” nomli kitob muallifi. 2002 yildan buyon o‘zbek musiqashunosligi sohasida tadqiqotlar olib boradi. U bu sohaga qanday qiziqib qolganini quyidagicha xotirlaydi:
“Men Londonda magistraturada o‘qiganimda Roziya Sultonova bilan tanishganman. U universitetda ham dars berib, ham dutor chalar edi. Biz u bilan ko‘p gaplashar edik. Bir safar Yangi yil kechasiga taklif qildim. Shunda u mendan Amerika xalq kuylarini chalib berishimni so‘ragan, men aytib berganman va boshqalar ham o‘z qo‘shiqlarini kuylagan, shunda Roziya opa dutor chalgan. Bu juda nafis va chiroyli edi, men bundan hayratlanganman. Shundan keyin ilk bor dutorni qo‘limga olib, chala boshlaganman. Magistratura davomida Roziya opaning uyiga har hafta dars uchun bora boshladim. Aspirantura uchun shu mavzuni oldim – o‘zbek an’anaviy musiqasi haqida. Shundan so‘ng Malika Ziyoyeva, Ro‘zibi Hojiyevalar bilan ham tanishdim va dutor sayohati boshlandi”.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.