G‘azo Ramazon oyini qanday qarshiladi?
Olam
−
09:39 2251 2 daqiqa
G‘azo aholisi musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyini vayronalar orasida qarshi olmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Falastinliklar vayron bo‘lgan masjidlar qoldiqlari yoniga ibodat qilish uchun kelmoqda yoki brezent va yog‘och konstruksiyalardan qurilgan vaqtinchalik joylarda namoz o‘qimoqda.
Vayron qilingan Al-Hassayna masjidining gumbazi tosh va siniq beton bo‘laklari orasida yotibdi. Ilgari musulmonlar to‘planadigan hovli bugun oilalar tunab, ovqat tayyorlaydigan joyga aylangan. Saqlanib qolgan devor parchalariga kiyim quritish uchun arqonlar tortilgan.
HAMAS nazoratidagi G‘azo hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 835 ta masjid to‘liq vayron qilingan, yana 180 tasi jiddiy zarar ko‘rgan. Shuningdek, cherkovlarga ham bir necha bor zarba berilgani va mintaqadagi 60 qabristondan 40 tasi buzilgani bildirilgan.
Ko‘plab aholi uchun bu yo‘qotishlar nafaqat moddiy, balki chuqur ma’naviy ahamiyatga ega.
Keng ko‘lamli vayronagarchilik va qurilish materiallari yetishmovchiligiga qaramay, odamlar masjidlarning hech bo‘lmaganda bir qismini tiklashga harakat qilmoqda. Ular buzilgan issiqxonalardan qolgan plastik plyonkalar va yog‘ochlardan foydalanib, vaqtinchalik ibodat joylari barpo etmoqda.
Umuman olganda, G‘azo ketma-ket uchinchi Ramazon oyini mana shunday harobalar orasida qarshilamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda musulmonlar saharlikni suv va qotgan non bilan boshlayotganini ko‘rish mumkin. Ocharchilik mintaqada hanuz izg‘ib yuribdi.
Ma’lumot uchun, Isroil 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS boshchiligida amalga oshirilgan chegaralararo hujumdan so‘ng G‘azoda havo va quruqlik harbiy operatsiyasini boshlagan edi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon halok bo‘lganlar soni 71 667 kishini tashkil etgan. Ular orasida 2025 yil oktyabr oyidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin halok bo‘lgan 450 dan ortiq kishi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qum bo‘roni G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Falastinlik meteorolog Layt al-Allamining ma’lum qilishicha, Liviya va Misrning shimoliy hududlarida yuzaga kelgan kuchli qum bo‘roni sharqqa qarab siljib, Falastin hududlariga yetib kelgan.
Live
Barchasi