G‘azoga kuniga qancha oziq-ovqat kirayotgani aytildi
Olam
−
17 Oktabr 5772 2 daqiqa
G‘azodagi sulhdan keyin BMTning oziq-ovqat dasturi (WFP) anklavga kuniga 560 tonna oziq-ovqat olib kirmoqda, ammo bu yetarli emas. Bu haqda bugun, 17 oktyabr kuni WFP vakili Abir Etefa Jenevadagi brifingda ma’lum qildi.
Uning aytishicha, sulh o‘rnatilganidan beri joriy yilning 15 oktyabrigacha G‘azoga 230 ta yuk mashinasi, ya’ni taxminan 2800 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan. Hozirda har kuni taxminan 560 tonna oziq-ovqat olib kirilmoqda, biroq bu ham yetarli emas.
Etefaning bildirishicha, atigi beshta oziq-ovqat tarqatish punkti faoliyat yuritmoqda, holbuki dastur rejasiga ko‘ra ularning soni 145 taga yetkazilishi kerak, bu esa yordamga muhtoj 1,6 million kishini qamrab oladi. Shuningdek, Jahon oziq-ovqat dasturi hozirda Isroil ochgan ikkita nazorat punkti “Kerem Shalom” va “Kisufim” orqali yordam yetkazmoqda.
WFP vakilining so‘zlariga ko‘ra, ular oziq-ovqat yetkazib berishni kuchaytirish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqda. Biroq u barcha beshta o‘tish joyini ochish zarurligini ta’kidlab, BMT hanuzgacha G‘azo shahrida gumanitar yordam tarqatishni boshlay olmaganini qayd etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalar bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi ikki kun ichida G‘azo sektoriga gumanitar yordam bilan 1666 ta yuk mashinasi yetib kelgan. Ularning uchdan bir qismi BMTning gumanitar dasturlari tomonidan muvofiqlashtirilgan bo‘lsa, qolganlari tijorat sektori va xayriyalar orqali yuborilgan.
Ma’lumot uchun, Isroil harbiy amaliyotlari boshlanganidan beri G‘azo sektorida 66 288 nafar kishi, jumladan 18 430 nafar bola halok bo‘lgan. Vafot etganlarning aksariyati tinch aholi vakillari bo‘lgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri G‘azoda 400 nafardan ortiq odam ochlikdan o‘lgan, ularning 100 nafaridan ortig‘i bolalar. Qayd etish joiz, joriy yilning 22 avgust kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ilk bor Falastin hududida halokatli ocharchilik holatini e’lon qilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, sentyabr oyi oxirigacha G‘azo sektoridagi 640 mingdan ortiq kishi Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan 5-bosqich deb hisoblangan oziq-ovqat xavfsizligining halokatli darajasiga duch keladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy haftaning boshida Donald Tramp boshqa davlatlar rahbarlari bilan birgalikda Misrda o‘tgan sammitda G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuviga imzo chekkan edi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi