Gender tenglik tushunchasi noto‘g‘ri talqin qilinadi – Almatov
Jamiyat
−
13 fevral 3994 2 daqiqa
Bugun, 13 fevral kuni Toshkent shahar IIBB Kinologiya markazida o‘tkazilgan press-turda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokir Almatov ayollar jinoyatchiligi, ajrimlar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan ma’lumot berdi.
Rasmiyning aytishicha, o‘tgan bir yil davomida ayollar tomonidan qariyb 3 mingta jinoyat sodir etilgan. Shuningdek, ajrimlar bo‘yicha 76 mingta hujjat kelib tushgan bo‘lib, ularning 32 mingdan ortig‘i sud qarori bilan rasman bekor qilingan nikohlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Maslahatchi yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik ko‘rsatkichlariga ham to‘xtaldi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili yoshlar tomonidan 2 798 ta jinoyat sodir etilgan. Shundan qariyb 1 900 tasi maktab o‘quvchilari, 500 ga yaqini kollej va texnikum o‘quvchilari, 500 dan ortig‘i esa oliy ta’lim muassasalari talabalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Almatov bu raqamlar oddiy statistika emasligini ta’kidlab, bir yilda 32 mingdan ortiq oila buzilgani — minglab taqdirlar va bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy ijtimoiy masala ekanini qayd etdi. Uning fikricha, yoshlar tarbiyasi, oilaviy muhit va jamiyatdagi muvozanat masalalari o‘zaro bog‘liq.
Shuningdek, press-tur davomida gender tenglik tushunchasining noto‘g‘ri talqin qilinishi oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytildi. Maslahatchi gender tenglikni erkak va ayolning huquq va imkoniyatlar jihatidan tengligi sifatida izohlab, mehnat, ta’lim va boshqaruv sohalarida teng imkoniyatlar ta’minlanishi zarurligini bildirdi.
“Bugun ayollar orasidan hokim ham, vazir ham chiqmoqda — bu ijobiy holat. Ammo oiladagi mas’uliyat va qadriyatlar masalasini unutmaslik kerak. Oila ustunlik bilan emas, o‘zaro hurmat va muvozanat bilan mustahkam bo‘ladi”, deydi maslahatchi.
Yana bir jihat sifatida ayollar muammosini siyosiylashtirish emas, uni chuqur va to‘g‘ri anglash zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, statistik ko‘rsatkichlarning pasayishi muammo hal bo‘lganini anglatmaydi. Oiladagi nizolar va ajrimlar bartaraf etilmas ekan, ijtimoiy muammolar ham saqlanib qolishi mumkin.
Shu munosabat bilan mahallalarda oilalar bilan tizimli ishlash, profilaktik choralarni kuchaytirish orqali ajrimlar va huquqbuzarliklarning oldini olish zarurligi alohida urg‘ulandi.
Live
Barchasi