Germaniyalik futbolchi noqonuniy qurol saqlagani uchun jazolandi
Sport
−
17 noyabr 989 1 daqiqa
Germaniya terma jamoasi futbolchisi Karim Adeyemi noqonuniy qurol saqlagani uchun 450 ming yevro jarimaga tortildi. Bu haqda N-TV xabar berdi.
Nemis politsiyasi futbolchining yonidan ikkita taqiqlangan o‘qotar qurol topgach, unga nisbatan ma’muriy ish ochilgan. Jarima miqdori 60 kunlik stavka asosida hisoblangan bo‘lib, Adeyemining daromadidan kelib chiqib, taxminan 450 000 yevroni tashkil etadi. Bosh prokuror Maykl Burgfrafning ma’lum qilishicha, qaror joriy yilning 30 oktyabr kuni qonuniy kuchga kirgan.
Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, ruxsatsiz o‘qotar qurol sotib olish, saqlash yoki olib yurish jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar qurol zo‘ravonlik sodir etishda ishlatilsa, jazo muddati 10 yilgacha yetishi mumkin, biroq Adeyemi quroldan jinoyat sodir etishda foydalanmagan.
Dortmundning “Borussiya Dortmund” klubi holat yuzasidan bayonot berib, har qanday jinoiy ayblovlar jiddiy qabul qilinishini, bunday masalalar esa xodimlar bilan maxfiy ravishda muhokama qilinishini ta’kidladi. 23 yoshli futbolchi hozircha bu ish bo‘yicha izoh bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Andreas Shelderup noqonuniy videoni tarqatgani uchun sud qilinishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi