Qo‘rquv va xavfda o‘tgan parad, tadbirkorlar sho‘riga to‘kilgan sho‘rva, 10 ming dollarga yollangan killer – Hafta tahlili

Tahlil

Yana bir hafta ortda qoldi. Dunyo esa bir joyda to‘xtab turgani yo‘q. Kechagi shov-shuvlar bugun eski xabarga aylanyapti, yangi voqealar esa kun tartibini egallab bormoqda. Hayot shiddati shu qadar tezlashdiki, ayrim qarorlar bir kunda minglab odamlar taqdiriga ta’sir qilmoqda, ayrim voqealar esa butun jamiyatni bahsga chorlayapti. Tugayotgan hafta ham O‘zbekiston uchun turli ziddiyatlar, bahslar, og‘riqli hodisalar va muhim qarorlarga boy bo‘ldi. Biz esa an’anaviy dayjestimizda haftaning eng muhim voqealariga birma-bir to‘xtalamiz.

Peshlavhalarga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi

Oxirgi vaqtlarda tadbirkorlar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillarining, umumiy ovqatlanish yo‘nalishidagi biznes egalari, do‘kondorlarning kayfiyati sust. Kimga quloq tutmang soliq ma’muriyatchiligidagi hali o‘z o‘rnini topmagan yangi qoidalar, tekshir-tekshirlar, byurokratiya, dizayn-kod, peshlavhalarning olib tashlanishi, xususiy mulk daxlsizligiga putur yetishi, “snos”dan yozg‘iryapti. E’tirozlar, ayniqsa, Toshkent shahrida ortgandan ortgan. So‘nggi vaqtlarda tadbirkorlar va hokimlik o‘rtasidagi asosiy bahs aynan nimani "reklama" va nimani "peshlavha" (informatsion lavha) deb hisoblash ustida ketmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 fevralda qabul qilingan “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tashqi reklamani joylashtirish tartibi tasdiqlangan. Unda aytilishicha, agar ma’lumot vositasi tashkilot egallab turgan binoning fasadida joylashgan bo‘lsa va faqat tashkilot nomini ko‘rsatsa, bu reklama emas. Biroq, amaliyotda "fasadning qaysi qismi", "harflarning kattaligi" kabi texnik parametrlar bahsli bo‘lib qolmoqda.

Toshkent shahar hokimligi peshlavhalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri "reklama" deb atovchi alohida yangi qaror chiqarmagan, lekin dizayn kodga mos kelmagan har qanday lavhani noqonuniy deb hisoblash va uni reklama sifatida soliqqa tortishga harakat qilish amaliyoti kuzatilmoqda. Xullas, shahar o‘tgan yildan buyon peshlavhalar qirg‘ini ketyapti. Tadbirkorlarning e’tirozlari esa Prezidentgacha yetib borib, tugayotgan haftada ushbu masala davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Xususan, davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo ob’ektlari uchun ayrim ma’muriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Ushbu yig‘ilishda, korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilayotgani, bu esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma’muriy yuk bo‘lishi bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etilmoqda. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish kerak.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Hamon bu masalalar muhokama qilinar ekan, nega eng avvalo tadbirkorlik sub’ektlari fikri o‘rganilmadi, nega sallani desa, kalla olinib umumiy ovqatlanish shoxobchalari, restoran, do‘kon, dorixonalarning peshlavhalari kunni kun demay, tunni tun demay yulib, ko‘cha yuziga uloqtirib ketildi. Mulk daxlsizligi pisand qilinmadi, nega tadbirkorlarning dod-faryodini hokim tinglamadi. Hamon tizim va tartib qilinar ekan, shaharning bir necha tumanlarida yangi barpo etilgan 24/7 ishlaydigan ko‘chalarda mana shu yangi tartiblar bir necha dizaynda taqdim etilib, ovozga qo‘yilmadi? Nega? Negalar ko‘p aslida. Toshkent shahar hokimligi esa birovga hisob beradigan emas. Balki shu uchun yaqindagina Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shahar hokimligini ochiqlik indeksi bo‘yicha mamlakatdagi eng oxirgi ijro organi sifatida baholagandir.

“Toshkent shahar hokimi boshchiligida qilinayotgan bu kabi bu jinniliklar va nihoyat bugun to‘xtadi. Umid qilamiz endi hokim endi hech bo‘lmasa prezidentining topshirig‘iga qarshi chiqmasa kerak. Va nihoyat prezidentimiz do‘konlardagi, savdo ob’ektlaridagi umuman barcha ob’ektlardagi peshlavhalar reklama ob’ektlari emasligi, “dress-kod”larni bekor qilish to‘g‘risida topshiriq berdi. Endi shuncha zararni kim qoplaydi. Menimcha tadbirkorlar shunisiga ham shukr qilsa kerak”, deydi Rasul Kusherbayev.

Prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, tadbirkorlarning dod-voyiga pinagini buzmay kelayotgan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tilga kirib, Tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. Qo‘mita “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini tayyorlangan.

Unda “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq ta’rif berilmoqda.

Tadbirkorlarga soliq tizimida ham yengilliklar beriladi

O‘zbekistonda soliq ma’murchiligi va moliyaviy jarimalar yo‘nalishida soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlar tobora ortib boryapti. Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda bu masalaga ham batafsil to‘xtalib o‘tildi. Unda soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish haqida so‘z bordi.

Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalish o‘rinli. 2025 yilda hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha sun’iy intellekt joriy etish masalasi Prezidentning 2025 yil 4 sentyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2025 yil 22 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan belgilandi. Unga ko‘ra, 2026 yildan elektron hisobvaraq-fakturalar xavf darajasiga ko‘ra avtomatik baholanadi “qizil-yashil” tizimi orqali soliq risklari ko‘rsatiladi.

Bu "Tax Gap" (soliq uzilishi) tajribasi tadbirkorlarda bir qancha asosli xavotir va noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Eng katta noqulaylik — tadbirkorning o‘zi halol bo‘lsa-da, uning hamkori (kontragenti) "qizil" status tufayli jazolanishidir. Qolaversa, sun’iy intellekt qanday mezonlarga ko‘ra "qizil" berayotgani hamisha ham tadbirkorga tushunarli emas. Biz ushbu masalada soliq eksperti Umidjon Safarovga yuzlandik.

“Ushbu PF-153 sonli farmon bilan ishlab chiqarishdan tortib iste’molgacha bo‘lgan jarayonda yaratilgan qo‘shilgan qiymatni soliqqa tortish tizimini nazorat qilish joriy etildi. Buni zamonaviy usul desak, xato bo‘lmaydi.

Amaliyotda esa elektron hisob-fakturalar “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Lekin korxona qaysi holatda aynan qaysi toifaga tushishi haqida aniq tushuntirish berilmagan.Aslida esa mening korxonam halol va intizomli soliq to‘lovchi bo‘lishi mumkin. Ammo elektron hisob-fakturalar “qizil” emas, “yashil” toifada chiqishi uchun nima qilish kerakligi haqida aniq tushuntirishlar yo‘q.

Qisqacha aytganda, o‘yin qoidalari normativ hujjatlarda ochiq belgilab berilmagan. Bu esa tadbirkorlar uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘pchilik haligacha hisob-fakturalari “yashil” toifaga tushishi uchun nima qilish kerakligini bilmaydi. Agar ushbu qoidalar aniq va ochiq belgilansa, halol soliq to‘lovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratilar edi. Shu bilan birga, ular soliqdan qochuvchi insofsiz tadbirkorlardan o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lardi”, dedi soliq eksperti.

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish, shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish ham taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish kerakligini aytgan.

Ikkinchi jahon urushi: unutilmas xotira va millat jasorati

Ikkinchi jahon urushi — shunchaki unutiladigan yoki yoddan chiqariladigan tarixiy voqea emas. Kim qanday maqsadda jang qilgani, qaysi ittifoq tarkibida bo‘lganimizdan qat’i nazar, bu urushda 6,8 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistondan qariyb 2 million inson ishtirok etgan. Ulardan 540 ming nafari jang maydonlarida halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ziyod yurtdoshimiz konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar oqibatida vafot etgan. Shuningdek, 60 mingdan ortiq inson urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

Shunday ekan, bu urush va unda o‘zbek xalqining ishtiroki haqida befarq yoki tor doirada bahs yuritish mumkinmi? Axir deyarli har bir xonadonda urushning og‘ir izini ko‘rgan, qon kechgan insonlar bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hafta davomida G‘alaba bog‘ini ziyorat qildi. Xotira marosimida ishtirok etib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Shundan so‘ng davlat rahbari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, ularni bayram bilan tabrikladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, bu yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev imzolagan hujjatga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti ajratildi.

Davlat rahbari 8 may kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketdi. U 9 may kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali paradda ishtirok etdi.

Eron Yulduz Usmonovani olqishladi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova xalq orasida tanilibdiki u doim ziddiyatlar qurshovida bo‘lgan. Uning 2005 yildagi shov-shuvli intervyusini ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Xonanda o‘shanda oxirgi “zapret”ini olgandi. 2006 yildagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyidagi konsert uchun ikkinchi ma’muriyat davrigacha oxirgisi bo‘ldi. O‘shanda xonanda Turkiyada qo‘nim topgandi. U yerda ham tinch o‘tirmadi, turk shou-biznesini ham ishg‘ol qildi. Oradan 11 yil o‘tib Usmonovaga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlansa ham u faqat qo‘shiq aytish bilan cheklanayotgani yo‘q. Goh-gohida siyosiy qarashlari, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqealarga munosabati bilan diqqat markazi, ba’zan tanqidlar qurshovida qoladi.

Lekin, negadir Yulduz haqida gap ketganda buyuk adib O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidagi keltirilgan “Telbalarga ta’zim qiling. Yuzta donishmand aytolmagan haqiqatni bitta telba aytadi!” degan gaplari xayolimdan o‘taveradi. Bu tanqid emas jasoratning bir tarifidir balki. Isroil G‘azoga keng ko‘lamli hujum boshlagan ilk kunlardan boshlab O‘zbekistonda Yulduz Usmonova Isroilning harakatlariga qarshi chiqib, ushbu mamlakat mahsulotlariga boykot e’lon qildi.

Buning ortidan Usmonovaning 2024 yil 14 sentyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilindi. Usmonovadan uzr so‘rashi talab qilindi, ammo u uzr so‘ramadi. Konsert Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida o‘tkazildi.

Joriy yilning 9 may kuni xonanda yana Nyu-Yorkdagi “The Oceana Theater” zalida konsert dasturini taqdim etishi kerak edi. Biroq, chiptalar to‘liq sotib bo‘linganiga qaramay, mahalliy siyosatchilar – Nassau okrugi rahbari va shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman, Nyu-York shtati Assambleyasi a’zolari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasniy Usmonovani antisemitik ruhdagi bayonotlarda ayblab chiqdi.

“Yahudiy xalqiga zarar yetkazishga chaqirgan ijrochi AQSHga kelib, dunyodagi eng yirik yahudiy jamoalaridan biri yashaydigan hudud markazida konsert berishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, degan Bryus Bleykman. 

Norozilik bildirgan faollar so‘zlariga ko‘ra, Usmonovaga ommaviy ravishda bayonotlarini rad etish va kechirim so‘rash taklif qilingan, ammo u bundan bosh tortgan. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio nomiga xonandaning vizasini bekor qilish talabi bilan murojaat ham yuborilgan.

“Keyingi choralarni ko‘rishdan oldin, mening idoram u bilan bog‘lanib, bayonotlarini qaytarib olishi va ommaviy kechirim so‘rashi uchun imkoniyat berdi. U esa rad etdi. Endi biz chora ko‘ryapmiz”, degan Bleykman.

Konsertga nisbatan e’tirozlar ortidan Yulduz Usmonova ham jim o‘tirgani yo‘q, uzr ham so‘ramadi, aksincha, yana Isroilni zo‘ravonlik va bosqinchilikda ayblashda davom etdi.

“Agar to‘ylaringizda qo‘shiq aytgan bo‘lsam, bu sizlarga mening dinimni haqorat qilish huquqini bermaydi. Sizdan pul olgan bo‘lsam, Alloh bergan san’atim uchun olganman. Siz yahudiylar va sionistlar meni kechirim so‘raydi deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. Men o‘z qarashlarimda qat’iyman. Men zo‘ravonlikka qarshiman. Va har doim Falastin ozod bo‘lsin deb aytaman”, degan xonanda.

Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konserti rasman bekor qilindi. Xonandaga viza berilmadi, konsert uchun sotilgan chiptalar pullari esa egalariga qaytariladi. Yulduz Usmonova og‘ir vaziyatda Eron elchixonasi qo‘llab chiqdi. Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammadali Iskandariy hamda elchixonaning madaniy aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Hasan Safarxoniy Yulduz Usmonovaga Eron, Falastin va Livanda halok bo‘layotgan bolalar va tinch aholi tomonida turgani uchun qo‘l mehnati bilan tayyorlangan sovg‘ani yubordi.

Sog‘liqni saqlash tizimida katta evrilish

Tugayotgan haftada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi katta evrilishga yuz tutdi. So‘nggi 10 yillikda ushbu tizimdagi oltinchi vazir ishdan olindi. 5 may kuni 2024 yilning yanvaridan boshlab Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimini egallab kelayotgan Asliddin Xudoyorov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan Eldor Odilov egalladi.

Xudoyorov ortidan vazirning uch o‘rinbosari – Alisher Boboyev, Elmira Bositxonova, Farhodjon Toshpo‘latov lavozimidan bo‘shatilgan. Vazir va o‘rinbosarlarning iste’fosiga sabab sifatida ularning boshqa ishga o‘tayotgani ko‘rsatilgan. Biroq hozirgacha ular qaysi lavozimga tayinlangani haqida ma’lumot mavjud emas. Iste’fo esa o‘ta sirli.

O‘sha kunning o‘zida 5 kishi – Otabek Imomov, Jaloliddin Asamutdinov, Adham Xudoyqulov, Sherzod Muhammedov, Ilhomjon Umrzoqov vazirning o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning ushbu tizimdan ko‘ngli to‘lmayapti. Davlat rahbari o‘sha kuni “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining malakasi egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholanadi. Noloyiqlar ketadi!

Samarqandda bolalar noto‘g‘ri sunnat qilingani uchun vafot etdi

Samarqand viloyatining Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasida sunnat qilingan ikki bola vafot etdi. Garchi voqea bundan bir yarim oy sodir bo‘lgan esa-da, uning isi tugayotgan haftada chiqdi.

Gap shundaki, 2021 yilda tug‘ilgan bola tuman tibbiyot birlashmasida joriy yilning 22 mart kuni sunnat (sirkumsiziya) qilingan, biroq jarrohlik amaliyoti to‘laqonli o‘tkazilmagani sababli bolakay 27 mart kuni tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Uning otasi aybdorlarga nisbatan jazo qo‘llashni talab qilgan.

Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan 3 aprel kuni “Yo‘g‘ontepa” mahallasida yashovchi 2024 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan yana bir bola sunnat (sirkumsiziya) qilingan. Biroq u ham jarohati bitmasdan 8 aprel kuni tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holatlar yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida bolalarning vafot etgani holatlari yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari va boshqalarning qilmishiga yuzlashtirish, eksgumatsiya qilish (murdani ko‘zdan kechirish va ekspertiza o‘tkazish maqsadida uni qabrdan chiqarib olish) va boshqa bir qator tergov harakatlari o‘tkazgan holda baho berish lozimligini inobatga olib, 2 may kuni Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

14 kishini olib ketayotgan mudira avtohalokatda vafot etdi

5 o‘rindiqli avtomobilga 14 kishining o‘tirishini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Agar o‘sha yo‘lovchilar bolalar bo‘lsa-chi? Unda bu haydovchi yo “prava”ni sotib olgan, yo aql-xushi joyida emas. Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bolani olib ketayotgan Matiz avtohalokatga uchradi.

Oilaviy bog‘chaning mudirasi – 34 yoshli haydovchi tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib, ag‘darilgan. Haydovchi ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, shifoxonada vafot etgan. Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mashinada mudiraning turmush o‘rtog‘i va bolalari, jumladan, 3 oylik chaqalog‘i ham bo‘lgan. Shuningdek, ularning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda yillar davomida mashina boshqarib kelgani aniqlangan.

Erkak ikkinchi xotinini o‘ldirish uchun qotil yolladi

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta Sirdaryoda ayol kundoshi va uning 5 yashar qizini pichoqlab o‘ldirgani shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Bu hafta esa Toshkentda norasmiy turmush o‘rtog‘i, katta ehtimol bilan ikkinchi xotinini o‘ldirish uchun 10 ming dollarga killer yollagan 41 yashar erkak qo‘lga olindi.

Erkak 1989 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish kerakligini aytib, yollanma qotilga kelishilgan 10 ming dollardan 2 ming dollarini bergan. Ish to‘liq amalga oshganidan so‘ng, ya’ni ayol o‘ldirilgach, qolgan pullarni berishni va’da qilgan.

Buyurtmachi yollanma qotilga ayolning yashash manzili, xonadon raqami, avtomobili, kimlar bilan yashashi, qachon uyga kirib-chiqishi haqida hamma ma’lumotlarni bergan. O‘sha kuni jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari jabrlanuvchining hayotini saqlab qolish maqsadida uning o‘limi sahnalashtirilgan maxsus tadbirni amalga oshirgan.

Ayolni o‘ldirish uchun yollangan shaxs esa olingan tezkor ma’lumotlar asosida biroz avval jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor qo‘lga olingan. Natijada qotil jinoyatni oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlik qilgan. Shundan so‘ng, joriy yilning 20 aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki erkak ko‘rishib, qotil unga turmush o‘rtog‘ini o‘ldirgani haqidagi xabarni aytgan.

Bu xabarni eshitgan erkak 6,5 million so‘m pullarini hamda jabrlanuvchi ayolning nomida bo‘lgan qora rangli Tracker rusumli avtomashinani qotilga topshirgan. Aynan shu vaqtda jinoyatchi dalili ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Sanjar Karimov 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

8 may kuni jamoatchilikning diqqat markazida turgan sud jarayoni – Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha so‘nggi sud majlisi bo‘lib o‘tdi va hukm e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, ayblanuvchi Karimovga nisbatan, jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi hamda BHMning 410 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, hukmda jabrlanuvchi Shahlo Alimbayevaga yetkazilgan moddiy zarar qoplangani e’tirof etildi. Bundan tashqari jabrlanuvchi Alimbayeva va Rahmatullayevaga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat etish huquqlari tushuntirildi. Sanjar Karimov esa sud hukmidan norozi, u apellyatsiya shikoyati kiritmoqchi.

Canjar Karimovga oid ish o‘z nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, uning yaqinlari bilan bog‘liq jarayonlar davom etmoqda. O‘tgan oy o‘rtalarida Sanjar Karimovning bojasi – G‘ofur Rahimovning jiyani Ravshan Muhitdinov Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. U Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda. Biroq, Muhitdinov qanday jinoyatni sodir etgani, uning qidiruvga berilishi “Sanjik” ishi bilan bog‘liqmi yoki yo‘q, bu haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. QALAMPIR.UZ’ga oid boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda Sanjar Karimovning qaynotasi ham hibslangan.

Ko‘cha bezorilari qo‘yib yuborilmagan

2023 yil oxirida O‘zbekistonda ko‘cha bezorilariga qarshi o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kun” reyd tadbirlarida ko‘plab jinoiy guruh faollari qatorida qo‘lga olingan va 2024 yilning avgust oyida sud hukmi bilan 13 yarim yil ozodlikdan mahrum qilingan Buzruk Buzrukov qamoqdan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu joriy yilning 9 aprel kuni Buzrukning Instagram’dagi sahifasiga yangi surat joylashtirilgani bilan bog‘liq.

Surat Turkiyaning Istanbul shahrida, dengiz sohilida olingan. Suratga qoldirilgan izohlarda Buzruk Buzrukovning aksariyat kuzatuvchilari uni qamoqdan ozod qilingani bilan tabriklab izoh yozgan.

QALAMPIR.UZ’ning huquq-tartibot organlari bilan bog‘lanib, Buzruk Buzrukovning ozod etilgani bilan qiziqdi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Buzrukov ozodlikka chiqmagan va ayni vaqtda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan 5-son jazoni ijro etish koloniyasida belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda. 

U Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 13 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilangan. Uning jazo muddati 2023 yil 4 dekabrdan boshlab hisoblanadi.

Aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda 2023 yilda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” reyd tadbirlarida qo‘lga olinib, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilinganlardan faqat “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev qo‘yib yuborilgan. U 2025 yilning 12 yanvar kuni kasalligi tufayli Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan. U shu hafta – 5 may kuni 76 yoshni qarshiladi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand Eron farmon taqiq bolalar G'alaba bog'i Yulduz Usmonova jinoyat ishi Isroil Sog'liqni saqlash vaziri G'azo tadbirkorlar Sun'iy intellekt Marko Rubio Sanjar Karimov Peshlavhalar Tadbirkorlik sub'ekti moliyaviy jarimalar soliq tizimi texnologiyalar Davlat rahbari Xotira marosimi noto'g'ri sunnat

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing