Boshi egilgan Tramp, kuchayayotgan Turkiya va dangallashgan Eron — Weekend
Tahlil
−
17 may 12776 19 daqiqa
Ortda qolgan 7 kun kim uchundir bir zumda o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin, ammo jahon sahnasida bu qisqa muddat ichida dunyo kelajagiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan voqealar sodir bo‘lib ulgurdi. AQSH rahbari va nihoyat Xitoyga tashrif buyurdi. So‘nggi 9 yildagi ilk tashrifda superkuchlar nimalarga kelishib oldi? Turkiya rahbari Qozog‘istonga keldi. Erdo‘g‘an Markaziy Osiyodan nimani istaydi? Zelenskiyning ishongan do‘sti korrupsiya va pul yuvishda ayblanmoqda. Bunda Ukraina rahbarining ham qo‘li bo‘lishi mumkinmi? Eron yadro quroli yaratish istagini ochiqchasiga aytdi. G‘arb bunga qanday javob beradi? Bugun ushbu savollarga javob topishga harakat qilib ko‘ramiz.
Burgut Ajdaho shahriga keldi
Ushbu haftaning shubhasiz eng muhim voqeasi AQSH Prezidenti Donald Trampning Pekinga qilgan tashrifi bo‘ldi. Ikki superkuchning uchrashuvini dunyo uzoq vaqt kutgan edi. Yaqin Sharqdagi muammolar va neft inqirozi fonida Trampning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvi dunyoni ushbu chigallikdan qutqarishi mumkin edi.

Trampning Xitoyga 14-15 may kunlarida bo‘lib o‘tgan safari o‘ziga xos ahamiyatga ega. Negaki, bu – o‘tgan to‘qqiz yildagi AQSH prezidentining Pekinga birinchi tashrifi edi. Oxirgi marta Qo‘shma Shtatlar rahbarlaridan Trampning o‘zi 2017 yilda, prezidentligining birinchi muddatida “Ajdaho iniga” borishga jur’at etgandi. O‘tgan uchrashuvdan so‘ng, o‘z qudratiga ishongan Oq uy rahbari Xitoyga “Savdo urushi”ni e’lon qilgan bo‘lsa, bu safar Vashington qo‘lida bunday qudrat mavjud emas. Eron bilan urush to‘xtamayapti, Hormuz bo‘g‘ozi yopiq, neft bozori tinimsiz “chayqalyapti”, bularning bari ichki noroziliklarni oshirmoqda. Shunday bir paytda Tramp raqibi bilan muzokara stoliga o‘tirish uchun Pekinga keldi.
Delegatsiya tarkibining o‘ziyoq ko‘p narsani aytib turardi. Xitoy tomonidan sanksiya kiritilgan AQSH davlat kotibi Marko Rubio prezident bilan birga Pekinga bordi. Mudofaa vaziri Pit Xegset ham tashrifning delegatsiya safiga kiritildi. Bundan tashqari, dunyoning birinchi raqamli milliarderi Ilon Mask, Apple korxonasining hozirgi rahbari Tim Kuk, “Nvidia” kompaniyasining prezidenti Jensen Xuang hamda Meta, Visa, “JPMorgan Chase” kabi 17 nafar amerikalik biznes yetakchisi ham Trampning hamrohlari qatoriga kiritildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 14 may kuni Xalq Buyuk Zalida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ikki soatdan ortiq davom etdi. Muzokaralarning yakunlari bo‘yicha tomonlar umumiy, ammo yaxshi kayfiyatdagi bayonotlarni berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar Hormuz mojarosi, Tayvan va AQSHning orolga qurol sotishi hamda o‘zaro savdo masalalarini muhokama qigan.
Eron va Hormuz bo‘g‘ozi masalasi shubhasiz muhokamaning eng muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Ikkala yetakchi ham bo‘g‘oz ochiq bo‘lishi kerakligi va Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligi haqida umumiy fikrda ekanligini bildirdi. Si Szinpin Xitoyning Hormuzni "militarizatsiya qilishga" qarshi ekanini ta’kidladi. Tramp esa, Xitoy rahbari Eronga qurol sotmasligi haqida va’da berganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Si Szinpin Yaqin Sharqdagi nizoni hal qilishda yordam taklif qilgan va agar zarur bo‘lsa, ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Biroq shuni unutmaslik kerakki, Xitoy Eron neftining eng yirik xaridori. Hamkorlar bir-birini “ortidan pichoq uradimi”, degan savol hanuz mubhamligicha qolmoqda. Ammo, boshqa tomondan qaralganda, katta xarid katta kirim deganidir. Agar Pekin neft importini diversifikatsiya qilsa va Tehrondan keluvchi “qora oltin” savdosiga sanksiya qo‘ysa, bu Eron uchun ham jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Si Szinpin bu kartani qanchalik ishlatishini hali vaqt ko‘rsatadi.
Ikkinchi, eng bahsli mavzu Tayvan bo‘ldi. Si Szinpin bu masalani "Xitoy-AQSH munosabatlaridagi eng muhim muammo" deb atab, qat’iy ogohlantirish berdi.
“Tayvan masalasi Xitoy va AQSH munosabatlaridagi eng muhim muammodir. Agar u noto‘g‘ri hal etilsa, ikki mamlakat to‘qnashishi yoki hatto nizoga kirishishi mumkin. Bu esa, Xitoy-Amerika munosabatlarining butun majmuasini o‘ta xavfli vaziyatga solib qo‘yadi”, dedi u.
Muzokaralardan so‘ng, Rubio gazetachilar bilan gaplashib, AQSHning Tayvan bo‘yicha siyosati o‘zgarmaganini ma’lum qildi. Prezident Tramp esa, qurol sotish masalasini "juda batafsil" muhokama qilganini aytdi.
"Biz Tayvan masalasini, qurol savdosi bilan bog‘liq barcha masalalarni juda batafsil muhokama qildik va men qarorlar qabul qilaman, lekin bilasizmi, menimcha, hozir bizga kerak bo‘lgan oxirgi narsa - bu 9500 mil uzoqlikdagi urush", dedi Tramp
Uchinchi mavzu — savdo. Tramp "ajoyib savdo kelishuvlari" bo‘lgani haqida gapirdi, lekin birorta ham katta, aniq bitim rasmiy e’lon qilmadi. Xalqaro nashrlarning yozishicha, AQSHdan borgan milliarderlarning foydasi u qadar ham tegmadi. Ma’lum qilinishicha, Xitoy AQSHdan 200 ta Boeing samolyoti sotib olishga rozi bo‘lgani va keyinchalik yana 550 ta samolyot sotib olishi mumkin. Geosiyosiy munozaralar fonida savdo masalasiga yetarlicha e’tibor berilmagani tabiiy albatta.
Muzokaralardan asosiy kutilayotganlar Tramp uchun – Eron masalasida Xitoyning diplomatik yordamini olish bo‘lsa, Si uchun – Busan sulhini mustahkamlash, savdo urushini davom ettirmaslik edi. Qaysidir ma’noda ikki tomon ham o‘z maqsadlariga qisman erishdi, ammo hali hech narsa hal etildi deb bo‘lmaydi.

Muzokaralarda ko‘plab mavzular atay eslanmagani, ba’zi mavzular haqida bayonotonlarda hech narsa berilmaganini ham ta’kidlash lozim. Texnologik cheklovlar, xususan, AI chiplariga eksport sanksiyalari muhokama qilinmagan ko‘rinadi. Xalqaro sanksiyalar masalasi ham atay chetlab o‘tilgan. Xitoy elektromobillari, jinoyat ta’qibi, inson huquqlari kabi masalalar haqida rasmiy bayonotlarda hech narsa yo‘q. Aftidan, shundoq ham murosaga kela olmagan tomonlar bu kabi nozik masalalarga “teginmaslikni” ma’qul ko‘rgan. Eng qizig‘i, Marko Rubio bir tomondan "Xitoydan Eron masalasida yordam so‘ramadik", desa, Tramp boshqa tomondan "Si Szinpin yordam berishga rozi bo‘ldi", deb bayonot berdi.
Si Szinpin bu tashrif bo‘yicha o‘z ta’rifini berdi: "Tarix o‘zgaradigan nuqta", Tramp esa "Ikki ulug‘ davlat", deb e’tirof etdi. Ikkalasi ham ramziy ma’noda haq. Faqat bu "o‘zgaradigan nuqta" voqealar joyini qaysi tomonga burganini hali bilmaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Erdo‘g‘an Ostonada
Tramp Pekinga uchayotgan bir paytda Erdo‘g‘an Ostonaga yetib keldi. Turk prezidentining Qozog‘istonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining oltinchi majlisi hamda Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) norasmiy sammiti o‘tkazildi.
13 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan birga rasmiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun Qozog‘istonga keldi. Turkiya delegatsiyasi tarkibida tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, mudofaa vaziri Yashar Guler, savdo va sanoat vaziri O‘mer Bolat va Prezidentlik aloqa direktori Burhoniddin Duran ham bor edi. Erdo‘g‘an Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazdi va shundan so‘ng ikki davlat rahbari Turkiya–Qozog‘iston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishiga raislik qildi. Bu majlisda Erdo‘g‘an va To‘qayev iqtisodiy hamkorlik, sanoat investitsiyalari va mintaqaviy integratsiya masalalarini muhokama qildi. Tomonlar qator ikki tomonlama kelishuvlarga imzo chekdi. Erdo‘g‘an Ta’lim markazini To‘qayev bilan birga ziyorat qildi — bu ham alohida ramziy ma’no kasb etadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, muzokaralar davomida muhokama qilingan markaziy masala Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TITR) nomi bilan tanilgan “O‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar ushbu yo‘nalishni zamonaviy “Ipak yo‘li” sifatida ko‘rayotgani va uning Yevropa hamda Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishdagi rolini muhokama qilgan. Rossiya-Ukraina urushi ortidan o‘zgargan logistika yo‘llari va Markaziy Osiyoning tranzit ahamiyati ortib borayotgani fonida transport koridorlari muhim mavzuga aylandi. Aynan mana shu yerda, tashrif nega aynan Qozog‘istonga bo‘lganining sababi oydinlashadi. O‘rta yo‘lakning Markaziy Osiyodan o‘tuvchi qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgani uchun ham bugun Anqara siyosatidagi uning o‘rni oshdi.
Muzokaralarda energetika ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Turkiya Qozog‘iston neftini o‘z hududi orqali jahon bozorlariga ko‘proq hajmda yetkazib berishga qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, Kaspiy dengizi orqali energiya resurslarini g‘arbga tashish, port infratuzilmasini modernizatsiya qilish va temiryo‘l tarmoqlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar transport yo‘laklarini faqat yuk tashish tizimi emas, balki strategik geoiqtisodiy platforma sifatida baholadi.
Mudofaa sanoati ham muzokaralarning muhim qismi bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari, ayniqsa uchuvchisiz apparatlar va harbiy texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilgan. Bu esa, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik faqat iqtisodiy emas, balki xavfsizlik va texnologik yo‘nalishlarda ham chuqurlashayotganini ko‘rsatdi.
Umuman olganda, Ostona O‘rta koridor orqali Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi asosiy tranzit markazlardan biriga aylanishni maqsad qilayotgan bo‘lsa, Anqara esa, ushbu yo‘lakning G‘arbiy darvozasi sifatidagi rolini mustahkamlashga urinmoqda. Shu sababli, uchrashuvlarda faqat siyosiy bayonotlar emas, balki real infratuzilma, investitsiya va logistika loyihalari ustuvor mavzuga aylandi.
Tashrif doirasda Qozog‘iston rahbari Erdo‘g‘anga o‘zaro do‘stona aloqa va yaqin hamkorlik ramzi sifatida yangi ta’sis etilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy ordenini topshirdi. Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan To‘qayev Turkiya Erdo‘g‘an rahbarligida salmoqli yutuqlarga erishib, nufuzli va qudratli davlatga aylanganini qayd etgan.
“Prezident Erdo‘g‘an global siyosatda adolat va mas’uliyat tamoyillarini izchil himoya qilib kelayotgan atoqli davlat arbobidir. Sizning “dunyo beshdan kattadir” degan konsepsiyangiz keng shuhrat qozondi. Bu, shubhasiz, xalqaro munosabatlar tizimidagi tengsizlikka qarshi dadil chaqiriqdir. Bundan tashqari, siz turkiy va Islom dunyosi hamkorligini mustahkamlashda alohida o‘rin tutasiz. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, siz turkiy dunyoning eng obro‘li yetakchilaridan birisiz. Siz qardosh mamlakatlarning ma’naviy va siyosiy birligini mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilib kelmoqdasiz”, degan Qozog‘iston Prezidenti.
Erdo‘g‘an tashrifi faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklanib qolmadi. 15 may kuni Turkiston shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilishning mavzusi sifatida – "Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish" tanlandi. Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarbayjon ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu sammitda asosiy e’tibor turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya, sun’iy intellekt, transport yo‘laklari, xavfsizlik hamda siyosiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi. Muzokaralar davomida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an turkiy dunyo global geosiyosiy o‘zgarishlar fonida yanada yaqinlashishi kerakligini ta’kidladi. U Yaqin Sharq, Ukraina va boshqa hududlardagi mojarolar turkiy davlatlar uchun o‘zaro birdamlik va strategik koordinatsiyani kuchaytirish zarurligini ko‘rsatganini alohida ta’kidladi.
“Falastin, Livan, Eron, Ukraina va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi inqirozlar biz mudofaamizni mustahkamlashimiz va sanoat sohasidagi hamkorligimizni kengaytirishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda”, dedi u.
Sammitning eng muhim mavzulardan biri ham “O‘rta koridor” – ya’ni Xitoydan Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqadigan transport yo‘lagi bo‘ldi. Tomonlar ushbu yo‘nalishni Rossiya va Fors ko‘rfazi yo‘llariga muqobil strategik tranzit tarmog‘i sifatida ko‘rayotganini bildirdi. Ayniqsa, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinliklar fonida Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi savdo yo‘llarining ahamiyati oshayotgani qayd etildi. Shu sababli logistika, portlar, temiryo‘l infratuzilmasi va bojxona tizimlarini uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
“Bugun Hormuz bo‘g‘ozi markazidagi inqiroz ko‘rsatib turibdiki, turkiy dunyoni, ayniqsa O‘rta yo‘lakni bog‘laydigan transport loyihalari kelgusi yillarda ham bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Turkiya sifatida biz yuqori texnologiyalar yordamida shakllantirgan mudofaa sanoatida orttirgan tajribamizni tashkilotimiz a’zolari bilan baham ko‘rishga tayyormiz” dedi u.
Sammit mavzusiga monand ravishda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Erdo‘g‘an turkiy davlatlar “raqamli birlik” konsepsiyasini shakllantirishi kerakligini aytib, sun’iy intellektni tahdid emas, imkoniyat sifatida ko‘rishga chaqirdi.

Bundan tashqari, kiberxavfsizlik, madaniy soha va turkiy identitet masalasi kun tartibiga ko‘tarildi. So‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu masalalarga jiddiy e’tibor qaratib, birgalikda kurashish kerakligini aytdi.
“Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sammit doirasida ko‘tarilgan va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mavzulardan biri bu – harbiy ittifoq masalasi bo‘ldi. So‘zga chiqqan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy alyans yoki geosiyosiy loyihaga aylantirish g‘oyasi haqida gapirib, bunga jiddiy qarshi ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, axborot maydonida vaqti-vaqti bilan harbiy alyans haqida g‘oyalar paydo bo‘lib turibdi, biroq Qozog‘iston ularni destruktiv (vayronkor) va birlashma maqsadlariga zid deb hisoblaydi. To‘qayevning ta’kidlashicha, turkiy dunyo ichida ishonchni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi lozim.
“Turkiy davlatlar tashkiloti – bu geosiyosiy loyiha ham, harbiy tashkilot ham emas. Bu birodar davlatlar o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, yuqori texnologiyali, raqamli va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlaydigan noyob platformadir”, dedi Qozog‘iston Prezidenti.
Aslida ham Markaziy Osiyoning ko‘p vektorli tashqi siyosatiga harbiy alyanslarga qo‘shilish zid. Negaki, bir nechta kuch markazlarining orasida joylashga ushbu hudud davlatlari uchun muvozanatni saqlash alohida ahamiyatga ega.
Umuman olganda, Turkistondagi sammit turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik endi faqat tarixiy va madaniy yaqinlik doirasidan chiqib, iqtisodiyot, texnologiya, logistika, energetika va xavfsizlik kabi strategik sohalarga o‘tayotganini ko‘rsatdi. Sammitda “turkiy birlik” g‘oyasi romantik shior sifatida emas, balki Yevroosiyodagi yangi geoiqtisodiy va geosiyosiy platforma sifatida talqin qilindi.
Zeleniskiyning do‘sti qamoqda
Ukraina chegarasida urush ketayotgan bir pallada, Prezident Vladimir Zelenskiyning ortidan, ukrain xalqi ortidan pichoq sanchildi. Yana kim tomonidan deng, o‘zining yaqin do‘sti tomonidan. Bir vaqtlar ismi davlat rahbari bilan yonma-yon kelgan, sobiq Prezident apparati rahbari Andrey Yermak bugun panjaralar ortida.
2025 yildan buyon Ukrainadagi korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar markazida tilga olinib kelgan sobiq amaldorga nisbatan sud hukmi o‘qildi. 14 may kuni Ukraina Oliy Antikorupsion Sudi tomonidan sobiq prezident apparati rahbari Andrey Yermakga nisbatan 60 kunlik qamoq jazosi belgilandi. O‘tgan davr mobaynida uning bo‘yniga, korrupsion harakatlardan tortib pul yuvish kabi jinoyatlar ilindi. Hatto, u folbinlar orqali raqiblariga ta’sir o‘tkazgani haqidagi iddaolar yuzaga chiqdi.

11 may kuni kechqurun Ukraina Prezidenti ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakka nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (MAKB) va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura ayblov e’lon qildi. Kiyevda Yermak va bir guruh shaxslar shahar yaqinidagi Kozin qishlog‘idagi "Dynasty" elita uy-joy majmuasi qurilishida 460 million grivna — taxminan 10,5 million dollar miqdorida pul yuvgani yuzasidan tergovlar boshlangan. Sud unga 140 million grivna — taxminan 3,1 million dollar miqdorida garov puli evaziga ozodlikka chiqish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosi tayinladi. Andrey Yermak esa o‘zida bunday mablag‘ yo‘qligini bildirib, do‘stlari yordam berishiga umid qilayotganini aytmoqda.
Ushbu jinoiy harakatlar bir necha yillik tarixga ega bo‘lib, qator obro‘li shaxslar bilan ham bog‘liq. O‘tgan yilning noyabr oyida MAKB Zelenskiyga yaqin bo‘lgan Timur Mindich boshchiligidagi energetika sohasidagi yirik korrupsion sxemani fosh etish uchun "Midas" deb nomlangan keng ko‘lamli operatsiyani e’lon qilgan edi. Tergovga ko‘ra, sxemaning asosiy tashkilotchisi aynan u bo‘lgan. MAKB tomonidan jinoiy ishga aloqador ming soatdan ortiq audiyozuvlar borligi e’lon qilingandi.
Ushbu dalillar Ukrainaning “pandora qutisi”ni ochib yubordi. 2025 yil 17 noyabrda prezident apparati rahbari Andrey Yermak Mindich ishi bo‘yicha yirik korrupsion sxemalarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. 28 noyabr kuni ertalab Yermakni tintuv qilishdi, shu kuni kechqurun esa, Zelenskiy uni ishdan bo‘shatdi. Keyinroq, idora Yermakning uyidagi tintuvlar Mindich ishiga bog‘liq emasligini bildirgan. Zelenskiy esa, Yermakning ishdan olinishi korrupsiya tergovlari bilan bog‘liqligini rad etib, bu qaror uchun “o‘ziga xos sabablar” bo‘lganini aytgandi. Prezident ma’muriyatidan ketgach, Andrey Yermak advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini tikladi va Ukraina Milliy advokatlar assotsiatsiyasi huzurida tashkil etilgan urush jabrlanuvchilarini himoya qilish qo‘mitasiga rahbarlik qila boshladi.
Joriy yil aprel oyining oxiridan boshlab Ukraina ommaviy axborot vositalari va deputatlar audioyozuvlarning yangi parchalarini e’lon qila boshladi. Unda Mindich o‘sha paytda mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Ukraina Xavfsizlik kengashining amaldagi kotibi Rustam Umarov bilan ko‘p millionli shartnomalarni o‘zlashtirish, tadbirkorga aloqador kompaniya tomonidan dronlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, shuningdek, Ukrainaning AQSHdagi elchisi lavozimiga nomzodlar haqida suhbatlashgan. Boshqa parchalar shuni ko‘rsatadiki, Mindich bir nechta hashamatli uylarni, shu jumladan o‘zi, “Vova” va “Andrey” uchun jihozlashni muhokama qilgan. Taxminlarga ko‘ra, gap Zelenskiy va Yermak haqida ketmoqda. Bundan tashqari, transkripsiyalarning bir qismi Zelenskiy atrofidagilar turli kompaniyalarni qanday nazoratga olayotganini ko‘rsatadi.
Voqeaning eng g‘alati qismi esa, go‘yoki sehr-jodu bilan bog‘liq. 13 may kuni bo‘lib o‘tgan sudda ixtisoslashtirilgan prokuratura prokurori o‘qib eshittirgan yozishmalar parchalarida Yermak telefonida "Veronika Fenshuy" nomi bilan saqlangan shaxs aslida okkultizm va folbinlik xizmatlari bilan shug‘ullangan Veronika Anikevich bo‘lgani aytilmoqda.
Unga yuborilgan yozuvlarda korrupsiyaga qarshi kurashish prokuraturasi rahbari Aleksandr Klimenko hamda Milliy korrupsiyaga qarshi byuro rahbari Semyon Krivonosning ismlari qayd etilgan. Ushbu ayol Yermakka harakat qilishi kerakligini yozgan.
Bunga javoban Yermak yana bir qator ismlarni — "Ukrainskaya pravda" gazetasi jurnalistlari Mixail Tkach va Sevgil Musayeva, gazetaning o‘zi, uning egalaridan biri Tomash Fialu, Oliy Rada deputatlari Yaroslav Jeleznyak, Aleksey Goncharenko va David Araxamiya ismlarini yozib yuborgan.
Bu gaplarni o‘qib turganda bir fikr miyaga kelib qoladi, bu odam — shunchaki korrupsioner emas. U o‘zining siyosiy raqiblarini yo‘q qilish uchun okkult usullarga ham murojaat qilgan. Urush ketayotgan bir mamlakatda, G‘arb milliardilaridan mo‘l-ko‘l yordamlar kelib turgan bir paytda, Prezident apparatining rahbari — folbinlar bilan maslahat qilib, raqib jurnalistlar va deputatlar ustidan "ish ko‘rmoqchi" bo‘lgan.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar Yermakdan to‘rtta diplomatik pasport topgan, ularning oxirgisi 2030 yilgacha amal qiladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan beri Yermak davlat chegarasini 100 martaga yaqin kesib o‘tgan, bunday safarlar haqidagi so‘nggi ma’lumotlar esa Ukraina Chegara xizmati tizimidan o‘chirilgan.
“Yermakning hokimiyat organlarida va Ukrainadan tashqarida kasbiy va ijtimoiy aloqalari bor. Bu unga chet elda yashirinishga yordam berishi mumkin”, degan prokuror.
Atrofidagi ishongan odamlari korrupsiyada ayblanayotgan bir vaqtda, Ukraina prezidentiga nisbatan ham shubhalar avj olmoqda. Ammo hozircha u tergov ishlariga jalb etilmagan. Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi direktori Semen Krivonos Zelenskiyning pul yuvish bilan bog‘liq ishda ishtirok etganligini to‘liq rad etdi.
"Ukraina Prezidenti sudgacha bo‘lgan tergov doirasida ishtirok etmagan va ishtirok etmayapti”, deydi u.
Prezident barcha jinoiy ishlarga aloqadorligini rad etib kelmoqda. Lekin bu rad etish barcha savollarni yopib qo‘ymaydi. Zelenskiy shu odamlarga yillar davomida ishongan, ularga davlat sirlarini, tashqi siyosiy muzokaralarni, kadrlar masalalarini ishonib topshirgan. Agar Yermak aybdor bo‘lib chiqsa — bu Zelenskiyning qaysidir ma’noda ”ko‘r" ekanini bildiradi. Agar Zelenskiy ham xabardor bo‘lgan bo‘lsa — bu butunlay boshqa savol.
Bu voqealar urush davrida Ukrainaga jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Rossiya raketalaridan himoyalanish uchun xalqaro jamiyatdan milliardlab dollar yordamni so‘rayotgan bir mamlakat ichida bunday korrupsion holatlarning uchrashi xalqaro ishonchga ham ta’sir qiladi. Yermak — bu botqoqning ramzi emas, faqat eng ko‘zga ko‘ringan qismsidir.
Eron: Bizning shartlarimizni qabul qiling
28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi qo‘shma harbiy operatsiya boshlagach, Yaqin Sharq hali hech qachon ko‘rmagan darajadagi inqirozga yuz tutdi. 8 aprelda Pokiston vositachiligida erishilgan otashkesim rasmiy kuchga kirdi, lekin u na urushni tugatdi, na muzokara eshiklarini haqiqiy ma’noda ochdi.
11 may kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp tinchlik kelishuvini "sun’iy nafas berish" holatida ekanini tan oldi. Bu — diplomatik tilda juda ko‘p narsani aytadi. Prezident o‘zi imzolagan kelishuvning mustahkam emasligini e’tirof etyapti. CNN manbalariga ko‘ra, Tramp Tehronning muzokaralar olib borish uslubidan tobora norozi bo‘lib bormoqda va so‘nggi haftalardagi holatga nisbatan ancha qat’iy pozitsiyada turibdi. Oq uydagi ayrim maslahatchilar Eronni muzokara stoliga majburlash uchun yangi zarbalar tarafdori, boshqalar esa, diplomatiyaga imkoniyat berilishi kerak, deb turibdi. Pentagonda esa yakdillik yo‘q.
10 may kuni Eron Vashingtonga taklif yuborib, urushni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha shartlarini bildirdi. Tramp bu taklifni "mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan axlat parchasi" deb atab, keskin rad etdi. Tehron bu bahoga javoban “o‘qdorilar" tayyorligini bildirdi. Eron parlamenti Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy AQSH harbiy zarbalari qayta tiklansa, uranni qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik darajagacha boyitish masalasi parlamentda muhokama qilinishini ma’lum qildi. Bu — oddiy siyosiy bayonot emas. AQSH razvedkasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron mavjud xomashyoni ikki hafta ichida qurol darajasiga keltirishi va bu zaxira 11 ta yadroviy jangovar kallak yaratish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Eronning ixtiyorida hozir 400 kilogrammdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uran mavjud.
Shu paytda harbiy manzara ham tashvishli ko‘rinishni saqlamoqda. “The New York Times” nashri AQSH razvedkasiga tayanib xabar berishicha, Eron Hormuz bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan 33 ta raketa bazasiga operativ kirish imkoniyatini qayta tiklagan. Mazkur bazalardan ayrimlari AQSH harbiy kemalari va neft tashuvchi tankerlarga xavf tug‘dirishi mumkin. AQSH harbiy razvedkasining bayonotiga ko‘ra, Eron mamlakat bo‘ylab raketa uchirish qurilmalarining taxminan 70 foizini, urushdan oldingi ballistik va qanotli raketalar zaxirasining 70 foizini saqlab qolgan. Yerosti omborlari va raketa qurilmalarining esa, 90 foiziga qayta kirish imkoniyati tiklangan, ularning aksariyati qisman yoki to‘liq ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi havo kuchlari qo‘mondoni Majid Musaviy 19 aprelda raketa va dron uchirish tizimlarini modernizatsiya qilishni tezlashtirganini e’lon qildi.

Sionistik rejim va Tehron o‘rtasida boshlangan urushga asta-sekin Fors ko‘rfazi ham qo‘shilib bormoqda. Urush asta-sekin mintaqadagi boshqa davlatlarni ham o‘z ichiga tortmoqda. “The Wall Street Journal” manbalariga ko‘ra, BAA Fors ko‘rfazidagi Eronning Lavan orolida joylashgan neftni qayta ishlash zavodiga 8 aprel kuni yashirin zarba bergani aytilmoqda. Bu hujum yirik yong‘inni keltirib chiqargan va zavod quvvatlarining katta qismini kamida bir necha oyga ishdan chiqargan. Joriy mojaro davomida Eron Amirliklar yo‘nalishida 2800 dan ortiq raketa va dronlarni uchirgan — bu boshqa har qanday davlatga, jumladan Isroilga qaraganda ham ko‘proq. Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Dina Esfandiarining fikricha, bu Tehron uchun yangi front bo‘lishi mumkin.
"Endi Eron BAA va mojaroni hal qilishda vositachilik qilishga urinayotgan Fors ko‘rfazidagi boshqa arab davlatlari orasiga nizo solishga yanada ko‘proq harakat qiladi”, deydi u.
Bunga Quvaytning qo‘shilishi vaziyatni yanada chigallashtirdi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 14 may kuni Quvayt Fors ko‘rfazida Eron kemasiga "noqonuniy hujum" uyushtirganini va to‘rt nafar Eron fuqarosini hibsga olganini ma’lum qildi. Voqea AQSHning Eronga qarshi hujumlari uchun foydalanilayotgan orol yaqinida sodir bo‘lgan. Bundan oldin Eron harbiylari Quvaytga qarashli Bubiyon oroliga kirishga uringani, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining 6 nafar a’zosi orolga tushishga harakat qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunga javoban, Quvayt Tashqi ishlar vazirligi Eronning elchisini chaqirib, qat’iy norozilik bildirgandi.
Muzokaralar “fronti”da ham vaziyat “muzlagan”. Eron AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini boshlash uchun 5 ta shart qo‘ydi. Bular: barcha frontlarda, ayniqsa Livandagi urush harakatlarini to‘xtatish, Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish, muzlatilgan Eron mablag‘larini ozod etish, jangovar harakatlar tufayli yetkazilgan zararni qoplash va Eronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitet huquqini tan olish. Tehron ushbu talablar bajarilmas ekan, yangi muzokaralarga kirishishni imkonsiz deb hisoblaydi. Eron manbasi AQSH taklifini "bir tomonlama" deb atab, Amerikaliklar urushda erisha olmagan maqsadlariga muzokaralar orqali erishmoqchi bo‘layotganini aytgan.
Ikki tarafning talablari bir-biriga qarama-qarshi nuqtada turibdi. Vashington Hormuz masalasi va yadroviy dasturni birinchi o‘ringa qo‘yadi, Tehron esa, avval urushni to‘xtating, deydi. Bu mantiqiy tugun — oddiy diplomatiya bilan hal bo‘ladigan narsa emas. Tramp yordam istab Pekinga borgani ham buni isbatlaydi. Endi voqealar rivoji qay tarzda davom etadi, buni Qalampir.uz’da kuzatishda davom eting.
Live
Barchasi