Green Card-2027: AQSH Davlat departamenti ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
13 noyabr 38671 1 daqiqa
AQSH Davlat departamentining Diversity Visa – DV-2027 (Green Card dasturi) lotereyasida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Davlat departamenti mazkur xabarlar ortidan ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, internetda lotereyaga ariza qabul qilish boshlanganini da’vo qiluvchi yolg‘on xabarlar, shuningdek, “g‘alaba imkoniyatini oshirib berish” yoki “kafolatli ariza to‘ldirib berish”ni va’da qilayotgan shaxslar va viza xizmatlari haqida e’lonlar tarqalmoqda.
AQSH Davlat departamenti bunday da’volarning barchasi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini alohida urg‘ulagan.
“DV-2027 ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini da’vo qilayotgan firibgarlik holatlaridan, shuningdek, natijaga ta’sir o‘tkaza olishini aytayotgan shaxslardan xabarimiz bor. Bu yolg‘on”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ro‘yxatdan o‘tish sanalari va ariza topshirish tartibidagi o‘zgarishlar travel.state.gov rasmiy saytida e’lon qilinadi. Ariza faqat dastur rasmiy portali – eDV orqali topshirilishi mumkin. Boshqa saytlar yoki vositachilardan foydalanish shaxsiy ma’lumotlar va mablag‘ yo‘qotilishi xavfini tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti Green Card 2027 lotereyasiga ariza topshirish muddati va jarayoniga o‘zgartirishlar kiritilganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi