Green Card: yutqazganlarda ham imkon bormi?

Foydali

Bir necha soatlardan so‘ng Amerika uchun ochiladigan eng mashhur eshiklardan biri Green Card lotereya o‘yinining javoblari e’lon qilinadi. Kimdir “Amerika orzusi”ga erishadi, yana kimningdir esa biroz omadi yurishmaydi va kelasi yili yana bir harakat qilib ko‘rishni niyat qiladi. Ammo Green Card o‘z nomi bilan lotoreyadir. Bu agar omadingiz yurishmasa, bir umr o‘ynasangiz ham yutolmasligingizni anglatadi. Shuningdek, bugun g‘olib bo‘lganlarning hammasi ham tekshirish jarayonlarining oxirigacha borolmaydi. Sizga bugun rad javobi kelsa, yoki elchixonadan qaytsangiz, xafa bo‘lishga shoshilmang, sizda hali Amerikaga ketish imkoni bor. Bugun Green Card haqida gaplashamiz! 

Xo‘sh, lotoreya natijalarini qayerda tekshirish mumkin?

Har bir ishtirokchi Amerikaga "oltin chipta"ni yutganmi yoki yo‘qmi, mustaqil ravishda aniqlashi mumkin. Siz maqomingizni AQSH Davlat departamenti veb-saytining maxsus bo‘limida https://dvprogram.state.gov manzili orqali tekshirishingiz mumkin.

Sayt havolasiga kirgandan so‘ng "Statusni tekshirish" tugmasini bosasiz. Tekshirish uchun lotereya ishtirokchisining tasdiqlash raqamini kiritishingiz kerak, shuningdek ochilgan oynada arizachining familiyasi va tug‘ilgan yilini ko‘rsatishingiz kerak.

Agar siz boshqa tashkilotlar orqali ariza jo‘natgan bo‘lsangiz ham shu usul orqali tekshirasiz. Chunki bu lotereya natijalari haqida bilishning yagona yo‘li. Davlat departamenti sizga elektron pochta yoki oddiy xat yubormaydi. Agar buni o‘zingiz tekshira olmasangiz, arizangizni topshirgan kompaniyalarning xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin.

Shuningdek, agar tasdiqlash raqamingizni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsangiz, Lotereyada ishtirok etish holatini tekshirish elektron tizimining veb-saytida tasdiqlash raqamingizni tiklashingiz mumkin.

Ammo ogoh bo‘ling! Agar arizangiz lotereyada yutgani haqida elektron pochta xabarnomasini olsangiz, bu 99,9 foiz aldov bo‘lishi mumkin. Firibgarlar sizdan hisob raqamiga pul o‘tkazishni so‘raydi. Shuni esda tutish kerakki, rasmiy muassasa hech qachon pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni talab qilmaydi. Siz faqat Davlat departamentidan o‘z holatingizni tekshirishingiz mumkinligini eslatuvchi elektron xat olishingiz mumkin.

Xo‘p, siz g‘olib bo‘ldingiz ham deylik, bu tezda narsalaringizni yig‘ib, to‘g‘ri Amerikaga ketishingizni anglatadimi? Yo‘q. Shuni tushunish kerakki, Green Card’ni yutganlik to‘g‘risida bildirishnoma olish ariza beruvchilarga viza olish kafolatini bermaydi. Qo‘shma Shtatlarga borish uchun yutgan odam immigratsion vizaga da’vogarlar uchun barcha talablarga javob berishi kerak.

Har yili lotereya ishtirokchilarining 1 foizdan kamrog‘i yashil vizaga murojaat qilish uchun tanlanadi, ya’ni g‘olib deb topiladi. Ammo tanlangan 80 000–100 000 g‘olibdan faqat 50 000 ga yaqini viza oladi. Xo‘sh, nima uchun dastur minglab odamlarga viza bermaydi? Va bundan ham muhimi, bunday rad etishga qanday e’tiroz bildirish mumkin?

Lotereyani rad etishning eng keng tarqalgan sabablari bu qatnashchida zarur malakaning yo‘qligi, lotereya ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik, hujjatlarning to‘liq emasligi yoki soxta hujjat taqdim etganlikdir. 

Hujjatlarni topshirayotganda siz yutganingizdan so‘ng, ular konsullik xodimi tomonidan tekshirilishini hisobga olishingiz kerak. Konsul arizachining hujjatlari (masalan, diplomi) yoki munosabatlarning  haqiqiyligini, ya’ni ota-onalik va nikohni tekshiradi. 

Shuningdek, agar AQSH davlat agentligi xavfsizlik, jinoyatchilik yoki boshqa turdagi tekshiruvlarni o‘tkazsa, g‘oliblar vizani ololmay qolishi mumkin. Chunki Green Card g‘oliblariga viza 30 sentyabrgacha berilishi kerak. Aks holda, "yutuqli lotereya chiptasi" o‘z kuchini yo‘qotadi. Ammo agentlikning tekshiruvi bundan ko‘p vaqt olishi mumkin. Har yili firibgarlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashovchi shaxslar 221(g) bo‘lim va 30-sentyabrning oxirgi muddati qurboni bo‘lib, konsullik mansabdor shaxslarning hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayoni uzoq davom etgani sababli omadli yutuqdan ayriladi. Suhbat avgust yoki sentyabr oylariga to‘g‘ri kelgan qatnashchilar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi musulmon erkaklar xavfsizlik yuzasidan kuchli tekshiruvdan o‘tadi.

Yana bir muhim jihat shuki, g‘olibdan biror sohada kamida 2 yillik ta’lim yoki tajriba talab qilinadi. Konsullik hatto talab qilinadigan kurslarda chindan qatnashganingizni tekshirish uchun test o‘tkazishga qaror qilishi ham mumkin. Agar ishtirokchi testdan o‘tolmasa, bu viza berishni rad etishga olib keladi. 

Bundan tashqari, konsul soxta hujjatlar taqdim etgan kandidatlarni doimiy ravishda qabul qilinmaslik to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin. Bu siz yashil lotoreyada qatnashishdan butun umrga mahrum bo‘lishingizni anglatadi. 

Shuningdek, quyidagi ishtirokchilarning rad etilish koeffitsiyenti biroz baland. Bular: 

  • yoshi 50 dan kattaroq g‘oliblar;
  • cheklangan mulkka ega bo‘lgan shaxslar;
  • ingliz tilini bilmaydiganlar;
  • cheklangan ish tajribasiga ega bo‘lganlar;
  • AQSHda qarindoshlari yoki homiysi bo‘lmaganlar;
  • AQSHda ish taklifi bo‘lmaganlar.

Agar sizga hujjatlar sabab rad etilganlik haqida xabar kelsa, ammo siz yuqoridagi talablarning barchasiga javob bersangiz, konsullikka shikoyat arizasini yozishingiz mumkin.

G‘olib bo‘lganlar haqida gaplashdik. Ammo rad javobi olganlar-chi? Agar shunday bo‘lsa, umidingizni uzishga shoshilmang. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, har yili minglab g‘oliblar Amerikaga borishdan avval ba’zi asoslarga ko‘ra rad etiladi. Shunday vaziyatda AQSH Davlat departamenti biroz vaqtdan so‘ng, yana omadli g‘oliblar va ehtimoliy Green Card egalarini tanlashi mumkin. Shuning uchun, agar siz bugun tanlanmaganligingiz haqida bildirishnoma olsangiz ham, natijangizni keyinroq qayta tekshirib ko‘ring – ma’lumotlar o‘zgarishi mumkin. Tekshirish uchun siz lotereyada ro‘yxatdan o‘tganingizdan so‘ng berilgan tasdiqlash raqamingizni veb-saytga kiritishingiz kerak. Agar ochilgan sahifada shtrix-kod va ma’lumotlaringiz bo‘lgan xatni ko‘rsangiz, siz g‘olib bo‘lgansiz.

Ammo bu imkoniyat ham nasib qilmasa, shashtingizni tushirmang. Chunki dasturda har yili butun dunyodan 14 millionga yaqin odam qatnashadi. Shuningdek, unutmasligingiz kerakki,  Green Card sizga Amerikada qonuniy yashash huquqinigina beradigan lotoreyadir. Siz u yerda ishlab pul topishingiz va xarajatlaringizni o‘zingiz qoplashingiz kerak. Shunga qaramay, O‘zbekiston 2023 yilgi reytingga ko‘ra,  Green Card orqali AQSH vizasini olish bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinda turadi.


Maqola muallifi

Teglar

viza Green Card Amerika yutqazganlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made