Gretsiya polkovnigi Xitoy josusi sifatida hibsga olindi

Olam

image

Gretsiya razvedka va kontrrazvedka xizmati (EYP) Gretsiya Harbiy-havo kuchlari polkovnigini Xitoyga maxfiy ma’lumotlarni sotishda gumon qilib hibsga oldi. Bu haqda Gretsiyaning ERT News telekanali xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, EYP 2025 yilning oktyabr oyidan buyon mazkur ofitserni kuzatib kelgan. U telekommunikatsiya, raqamli tizimlar va elektron ilovalarga oid maxfiy ma’lumotlarni Xitoyga uzatganlikda gumon qilinmoqda.

So‘roq vaqtida hibsga olingan ofitser ayblovlarga iqror bo‘lgani va Xitoyda joylashgan “operatori”ning shaxsini oshkor qilgani aytilmoqda. 

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, hibsga olish ofitser navbatdagi yangilangan ma’lumotlarni yuborishidan oldin amalga oshirilgan. U hujjatlarni suratga olib, ularni shifrlangan dastur orqali uzatish uchun maxsus qurilmadan foydalangan.

Xabarlarga qaraganda, ofitser shtab-kvartirada xizmat qilgan davrida NATO texnologiyalariga, shuningdek, Harbiy-havo kuchlari rejalari, aktivlari va yuqori texnologiyalarni rivojlantirish dasturlariga kirish huquqiga ega bo‘lgan. Tergovchilar ushbu ma’lumotlar Xitoyga uzatilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Shuningdek, harbiylar ofitser Gretsiya ichida boshqa shaxslarni yollash yoki josuslik tarmog‘ini kengaytirishga uringan-urinmaganini ham tekshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ofitser joriy yilning 10 fevraliga qadar, harbiy prokuror oldida ko‘rsatma bergunga qadar hibsda saqlanadi. Uning advokati esa mijozining o‘zini xotirjam tutayotgani va tergov bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gretsiya Xitoy josus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing