“Ikki chegarachi halok bo‘ldi”. Tojikiston Afg‘oniston bilan chegaradagi otishmani tasdiqladi

Olam

image

Kecha, kuni 24 dekabr kuni Afg‘oniston tomondan noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tgan afg‘onistonliklar bilan qurolli to‘qnashuv oqibatida Tojikistonning ikki nafar chegarachisi halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa Shamsiddin Shoxin tumanidagi 0341-sonli “Sarchashma” chegara otryadiga qarashli 5-sonli “Sad” chegara posti hududida yuz bergan. 23 dekabr kuni soat 23:30 da Afg‘onistonlik uch kishi davlat chegarasini buzib o‘tgan. Ularning joylashuvi 24 dekabr kuni soat 11:15 da aniqlangan.

Chegarachilarning taslim bo‘lish haqidagi talabiga huquqbuzarlar rad javobini berib, qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ular Tojikiston Chegara qo‘shinlarining postlaridan biriga hujum uyushtirishni rejalashtirgan. Javob natijasida uchala afg‘onistonlik yo‘q qilingan.

To‘qnashuv joyidan huquq-tartibot idoralari uch dona M-16 rusumli miltiq, bitta Kalashnikov avtomati, chet elda ishlab chiqarilgan, ovoz pasaytirgichlar bilan jihozlangan uchta to‘pponcha, shuningdek, o‘nta qo‘l granatasini musodara qilgan. Bundan tashqari, afg‘onlar yonida tungi ko‘rish moslamalari, portlovchi moddalar va turli xil o‘q-dorilar bo‘lgan.

Terrorchilik harakatining oldini olish bo‘yicha olib borilgan amaliyot chog‘ida Tojikiston harbiy xizmatchilari – Zirexbon Navro‘zbekov va Ismatullo Qurbonov halok bo‘lgan. Chegara qo‘shinlari xizmat vazifasini bajarish vaqtida shaxsiy tarkib yo‘qotilganligi munosabati bilan marhumlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirgan.

Idoraning ta’kidlashicha, so‘nggi bir oy ichida bu Afg‘oniston hududidan kelgan yoki u yerda joylashgan askarlar tomonidan sodir etilgan uchinchi qurolli hujum bo‘lib, unda tinch aholi yoki harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan.

“Bu holatlar “Tolibon” hukumati Tojikiston Respublikasi bilan davlat chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda terrorchi tashkilotlar a’zolariga qarshi kurash bo‘yicha o‘z xalqaro majburiyatlari va va’dalarini jiddiy va takroran bajarmayotganini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda. 

Idora “Tolibon” rahbariyati Tojikiston xalqidan rasman uzr so‘rashi va chegarada xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rishiga umid bildirgan.

Hozirda chegara hududidagi vaziyat barqaror, deb baholanmoqda, hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston chegara qo‘shinlari Afg‘onistondan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan bir guruh kontrabandachilarni zararsizlantirish uchun birinchi marta mahalliy ishlab chiqarilgan drondan foydalangandi. Voqea 20 noyabrga o‘tar kechasi Hamadoniy chegara tumanida sodir bo‘lgan. Yetti nafar kontrabandachilar guruhi chegarani kesib o‘tayotganda hujumga uchragan. Ertalab voqea joyida ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi: Avalmir o‘g‘li Sheroxo va Hakim o‘g‘li Jumagulning jasadlari topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tojikiston chegara Tolibon Sarchashma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing