Ilon Mask SpaceX’dan qancha maosh oladi?
Bu qiziq
−
21 may 8539 2 daqiqa
SpaceX kompaniyasi IPO oldidan investorlar uchun taqdim etgan hujjatlarida kompaniya rahbari Ilon Maskning yillik rasmiy maoshi 2019 yildan beri 54 ming dollar ekanini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Mask uchun alohida bonus dasturi ham nazarda tutilgan. U belgilangan maqsadlarga erishilgan taqdirda kompaniya aksiyalarini olishi mumkin. Maksimal mukofotni qo‘lga kiritish uchun SpaceX Marsda kamida 1 million aholiga ega doimiy yashash joyi barpo etishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, kompaniyaning bozor qiymati 7,5 trillion dollarga yetishi lozim.
SpaceX investorlar uchun tayyorlangan hujjatda ehtimoliy xavflar haqida ham ma’lumot bergan. Hujjatning 38 sahifasi turli tavakkalchiliklarga bag‘ishlangan bo‘lib, asosiy xavflardan biri Starship dasturi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.
Kompaniya strategiyasining katta qismi qayta ishlatiladigan og‘ir raketa — Starship loyihasiga tayanadi. Biroq SpaceX ushbu dastur bo‘yicha belgilangan maqsadlarga o‘z vaqtida yoki umuman erishilishini kafolatlay olmasligini bildirgan. Bu holat yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish va orbitadagi data-markazlar loyihalariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Kompaniya, shuningdek, orbitadagi data-markazlar, Oy va Marsni o‘zlashtirish kabi bir qator tashabbuslar amalda hali sinovdan o‘tmaganini tan olgan.
SpaceX raketa uchirishlari doim avariya xavfi bilan bog‘liqligini ta’kidlab, raketa, sun’iy yo‘ldosh va boshqa yuklar sug‘urta qilinmasligini ma’lum qildi. Yo‘qotishlar yuz bergan taqdirda moliyaviy zarar kompaniya zimmasida qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi va boshqa hamkorlar bilan “Project Suncatcher” nomli orbital ma’lumotlar markazi loyihasi doirasida kelajakdagi parvozlar bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may