Ilon Mask O‘zbekistonga kelishi mumkin
Jamiyat
−
13 avgust 14887 2 daqiqa
2028 yilda International Astronautical Congress (IAC) anjumani Samarqand shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jahon kosmik maydonidagi eng yirik xalqaro anjumanlardan biri bo‘lgan IAC har yili butun dunyodan 10 mingga yaqin kosmos sanoati yetakchilari, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi kompaniya va agentliklar vakillarini bir muloqot platformasi atrofida jamlaydi.
2023 yilda bu nufuzli tadbirga Ozarbayjon mezbonlik qilgan bo‘lsa, 2024 yilda anjuman kongressi Italiyaning Milan shahrida o‘tkazilgan. Joriy yilning 29 sentyabr -3 oktyabr kunlari esa u Avstraliyada o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, Uzcosmos vakillari IAC-2028’ni Samarqandda o‘tkazish taklifi bilan O‘zbekiston nomzodini ilgari surgan.
“Bu orqali xorijiy kompaniya va agentliklarni mamlakatda ilmiy markazlar, inkubatorlar, texnoparklar qurishga jalb etish, qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etishga qiziqtirish, yangi startaplarni namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda IAC Milan (2024), Baku (2023), Parij (2022), Dubay (2021), Vashington (2019), Bremen (2018) va Adelaida (2017) kabi shaharlarda o‘tkazilgan va mazkur mamlakatlar uchun sezilarli natijalarni bergan. Masalan, Parijdagi IAC-2022 tarixdagi eng yirik kongress bo‘lib, Fransiyaning global kosmik sohada yetakchi davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamladi hamda xususiy sektorning faol ishtirokiga xizmat qilgan. IAC-2017’dan so‘ng Avstraliya kosmik agentligi tashkil etilgan. Germaniya va AQSHda esa kongressning o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va startaplarni global kosmik iqtisodiyotga keng jalb qilishga yordam bergan.
Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu nufuzli tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger Samarqand va Toshkent shahrida tekshiruv-kuzatuv ishlarini olib borib, kongressni qabul qilishga tayyorlik darajasi, moddiy-texnik baza, transport va mehmonxona infratuzilmasi, xavfsizlik, ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hududlari bilan yaqindan tanishgan, vazirlik va idoralar mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Qayd etish joiz, Ilon Mask shu vaqtgacha o‘tkazilgan mazkur anjumanlarga maxsus vakil sifatida qatnashib, muvaffaqqiyatli loyihalarni doimo ilgari surib kelgan. Agar anjuman Samarqandda o‘tkazilsa, unga milliarder Ilon Mask ham tashrif buyurishi mumkin. Ammo bu hali noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2028 yilgacha o‘zining ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldoshini koinotga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi