Imomali Rahmon ham Yaponiyaga ketdi
Olam
−
16:12 1423 2 daqiqa
Bugun, 18 dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Yaponiya poytaxti Tokio shahriga rasmiy tashrif va “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti sammitida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.
Dushanbe xalqaro aeroportida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonni Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Milliy Majlisining raisi, Oliy Majlisi Namoyandalar Majlisining raisi, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri, Prezident Ijroiya apparati rahbarining birinchi o‘rinbosari hamda boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Tashrif davomida Tojikiston Prezidentiga Tashqi ishlar vaziri, Prezidentning xorijiy aloqalar bo‘yicha yordamchisi, iqtisodiy rivojlanish va savdo, transport, sanoat va yangi texnologiyalar, ta’lim va fan vazirlari, Davlat investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi raisi hamda boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qilmoqda.
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammiti dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.
Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga yetib borgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa bugun, 18 dekabr kuni Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Live
Barchasi