Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila bo‘ldi

Olam

image

Indoneziyada 16 iyun kuni 6,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Asosiy yer silkinishidan so‘ng ketma-ket bir necha kuchli takroriy zilzilalar kuzatildi. Bu haqda “Euro news” xabar berdi.

Yerosti tebranishlari Markaziy Sulavesi provinsiyasining ma’muriy markazi bo‘lgan Palu shahrida bir daqiqadan ortiq davom etgan kuchli silkinishni keltirib chiqargan. Shaharda qariyb 400 ming kishi istiqomat qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida ayrim hududlarda vayronagarchiliklar yuz bergan. Bir qator binolarda yoriqlar paydo bo‘lgan, Sigi okrugi ma’muriy binosining tom qismi qulab tushgan, mahalliy universitet binolaridan birida ham shikastlanishlar qayd etilgan.

Xavfsizlik maqsadida shifoxonalardagi bemorlar, jumladan tomchilatib dori olayotgan bemorlar ham ko‘chaga evakuatsiya qilingan.

AQSH Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzilaning epitsentri Palu shahridan 46 kilometr sharqiy-janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, o‘chog‘i taxminan 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Eng kuchli takroriy silkinishlar magnitudasi 5,2, 5,0 va 4,9 ga yetgan.

Mahalliy hokimiyat aholini rasmiy ko‘rsatmalarga amal qilish va ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan. Mutaxassislar takroriy yer silkinishlari yana bir necha soat davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Indoneziya bir nechta yirik seysmik yoriqlar tutashgan hududda joylashgani sababli mamlakatda zilzilalar va vulqon faolligi tez-tez kuzatiladi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil yanvar oyida Sulavesi orolidagi Mamudju shahri yaqinida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lgan, minglab aholi esa takroriy silkinishlardan qo‘rqib bir necha kun davomida ochiq osmon ostida tunashga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyun kuni Filippin sohillari yaqinida yuz bergan zilzila oqibatida 32 kishi halok bo‘lgandi, yana 134 kishi jarohatlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing