Inqilob jangchisidan yadroviy muzokarachigacha: hal qiluvchi to‘pni Aroqchi “tepadi”
Olam
−
26 fevral 5095 2 daqiqa
Isfahonlik gilam savdogari oilasida ulg‘aygan Abbos Aroqchi Eron diplomatiyasini “bozor uslubi”ga qiyoslaydi — sabr, uzluksiz tortishuv va vaqt talab qiladigan savdolashuv. Ammo bu gal vaqt uning foydasiga ishlayotgani yo‘q: AQSH Prezidenti Donald Tramp harbiy choralar bilan tahdid qilayotgan bir pallada u o‘n yillik faoliyatidagi eng hal qiluvchi muzokaralarga kirishmoqda. Bu haqda “Reuters” yozdi.
2024 yildan buyon Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlayotgan Aroqchi 2015 yilgi yadroviy kelishuvni ishlab chiqishda markaziy figuralardan biri bo‘lgan. Keyinchalik bu hujjat Tramp tomonidan bekor qilingan.Tehrondagi manbalar uni Oliy rahbar Ali Homanaiy ishonch bildirgan eng ta’sirchan vazirlardan biri sifatida ta’riflaydi.
Aroqchi o‘zining “Muzokara qudrati” nomli kitobida eronliklar uslubini “uzluksiz va matonatli tortishuv” deb yozadi. Shu bilan birga, haddan ortiq bosim yo‘qotishga olib kelishini ogohlantiradi. Yaqinda SBSʼga bergan intervyusida rasmiy “o‘zaro manfaatli diplomatik yechim” imkoni saqlanayotganini aytgan va mintaqadagi harbiy kuchaytirish Eronni bosimga ololmasligini ta’kidlagan.
1962 yil Tehronda tug‘ilgan Aroqchi 1979 yilgi inqilob davrida yoshlar safiga qo‘shilgan, 1980-88 yillardagi Eron-Iroq urushida qatnashgan. Keyin diplomatik xizmatga o‘tib, Finlyandiya va Yaponiyada elchi bo‘lgan, 2013 yilda vazir o‘rinbosari etib tayinlangan. Britaniyadagi Kent universitetida siyosat fanlari bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. Siyosiy ixtiloflardan uzoq turishi bilan tanilgan bu diplomat hozir yana global diqqat markazida.
Tramp Kongressdagi murojaatida“Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak” deya keskin bayonot bergan.Tehron esa bunday niyatni rad etadi. Endi Jenevadagi muzokaralar Aroqchining kuchli sabri va siyosiy mahorat sinoviga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi 26 fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi