Ishdagi bosim sabab har yili 840 mingdan ortiq odam vafot etadi
Olam
−
24 aprel 3833 2 daqiqa
Ish joyidagi psixologik va ijtimoiy muhitning yomonligi inson salomatligi va umumiy iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkilotining yangi hisobotida ma’lum qilindi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 840 mingdan ortiq odam ishdagi noqulay psixologik muhit bilan bog‘liq kasalliklar sabab vafot etadi. Bunga faqat ortiqcha ish yuklamasi emas, balki yomon munosabat, bosim, haqorat va ta’qiblar ham kiradi. Bunday sharoitda doimiy ishlash yurak-qon tomir kasalliklari, ruhiy buzilishlar va hatto o‘z joniga qasd qilish holatlariga olib kelishi mumkin.
Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, ishchilar orasida kasallik, nogironlik va erta o‘lim tufayli yo‘qotilayotgan sog‘lom hayot yillari yiliga 45 million yilni tashkil etadi. Bu bilan bog‘liq iqtisodiy zarar esa global yalpi ichki mahsulotning 1,37 foiziga teng.
Hisobotda ta’kidlanishicha, ish qanday tashkil etilgani, boshqarilgani va tuzilgani xodimlarning xavfsizligi hamda sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qiladi, shuningdek tashkilot samaradorligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislar psixosotsial xavflarni chuqurroq tushunish uchun ishning o‘zi, undagi talab va majburiyatlar, uni tashkil etish usullari hamda mehnat siyosatini tahlil qilishni tavsiya qilmoqda. Bunga ishga qabul qilish shartlari, raqamli monitoring, ish samaradorligini baholash va rag‘batlantirish tizimi, mehnat xavfsizligi qoidalari, zo‘ravonlik va ta’qiblarning oldini olish mexanizmlari hamda xodimlarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki kiradi.
840 mingdan ortiq o‘lim ko‘rsatkichi ikki asosiy manbaga tayangan holda aniqlangan. Birinchisi – ishdagi ortiqcha yuklama, kam nazorat, mehnat va mukofot o‘rtasidagi nomutanosiblik, ish barqarorligining yo‘qligi, uzoq ish vaqti, shuningdek zo‘ravonlik va ta’qiblarning global tarqalishi haqidagi ma’lumotlar.
Ikkinchisi – ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklari, insult va ruhiy kasalliklar xavfini oshirishini ko‘rsatgan ilmiy tadqiqotlar.
Shuningdek, hisob-kitoblarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan taqdim etilgan global o‘lim va sog‘liq bo‘yicha ma’lumotlardan ham foydalanilgan.
Live
Barchasi