“Isqirtlar”. YPX xodimini haqorat qilgan ayol qamaldi
3-sahifa
−
25 iyul 23664 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarni haqorat qilib, ularni tasvirga olgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayol avtomashinasi yon oynalariga ruxsatnomasiz “tonirovka” o‘rnatgani uchun YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va chora ko‘rilgan. Bundan xulosa chiqarmagan haydovchi yana shunday turdagi qoidabuzarlikni sodir etib, IIO xodimining qonuniy talabini bajarmasdan voqea joyidan ketib qolgan.
Haydovchi ikki marotaba huquqbuzarlik sodir etib, so‘ngra unga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan xodimning shaxsiy telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, uni haqorat qilgan. Shuningdek, haydovchi ayol IIBga chaqirtirilganda ham xodimlarni haqorat qilib, shovqin solib, javobgarlikdan qutulib qolmoqchi bo‘lgan.
Denov tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan huquqbuzarlikka oid ma’muriy ish hujjatlari sudga taqdim etilgan. Sudning 14 iyuldagi qaroriga ko‘ra, ayol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ikkinchi qismi bilan aybli deb topilib, 4 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Yuqoridagi holatdan tashqari huquqbuzar ayol muqaddam bir necha marotaba ushbu huquqbuzarlikni sodir etgani, qilmishidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagani va bunday harakatini davom etib kelayotganiga oid yana bir ish hujjatlari to‘planib, jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudiga taqdim etilgan. Unga BHMning 20 baravari (6 mln 800 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi belgilangan.
Huquqbuzarligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng 1 yil ichida takroran huquqbuzarlik sodir etgani tufayli Denov tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan haydovchi ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda YPX xodimini haqoratlab, “shantaj” qilgan ayol jazolangandi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41- (haqorat qilish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Live
Barchasi