Ismoilov KXDRga qarshi hujumkor o‘yin va’da qilmoqda

Sport

image

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov 17 aprel kuni Osiyo kubogi yarim finali doirasida o‘tkaziladigan Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga (KXDR) qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Raqibimiz bu bosqichga qadar yaxshi o‘yin namoyish etdi. KXDR yuksak jismoniy tayyorgarlikka ega jamoa. Ushbu jamoaning turnirdagi o‘yinlarini tahlil qilganimizda, 90 daqiqa davomida tinimsiz pressingda ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bir qancha taktik xatolar ham kuzatilgan, biroq ularga qarshi oson o‘yin bo‘lmasligi aniq. O‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, deydi Ismoilov.

Ismoilov turnir davomida O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yin va futbolchilar motivatsiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Musobaqa davomida ko‘rsatayotgan o‘yinimiz faqat motivatsiya samarasi emas, murabbiylar shtabi va jamoa shifokorlari katta hajmda mehnat qilmoqda. Toif shahri dengiz sathidan deyarli 1900 metr balandlikda joylashgan. Bu yerda futbol o‘ynash oson emas. Futbolchilar doimiy ravishda intensiv va yuqori darajada o‘ynay olishlari uchun birinchi navbatda to‘g‘ri tayyorgarlik muhim o‘rin tutadi. Har bir uchrashuvdan oldin va keyin futbolchilarimiz bilan ham taktik, ham psixologik suhbatlar o‘tkazamiz. Erishayotgan natijalarimiz jamoa mehnati samarasidir”, deydi murabbiy.

Mutaxassis har ikki jamoa musobaqada ko‘p gol urayotgani haqida ham fikrlarini bildirdi.

“Ikki hujumkor jamoa o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Bizning o‘z strategiyamiz va tanlagan yo‘limiz bor. Maqsadimiz doim hujumkor futbol namoyish etish. O‘z himoyamizni raqibning uchinchi zonasida qurishga harakat qilamiz. Bu shuni anglatadiki, jamoamiz doimiy ravishda yuqori pressingda harakat qiladi. Biz yillar davomida aynan shu uslub uchun harakat qildik. Har qanday raqibga qarshi o‘yin uslubimizni o‘zgartirmaymiz. To‘g‘ri, o‘yinning borishiga qarab futbolchilarning maydondagi harakatlariga biroz o‘zgartirishlar kiritishimiz mumkin. Lekin asosiy g‘oyamiz o‘zgarmaydi. Shu bilan birga, raqibning kuchli hujum chizig‘ini to‘xtatishga va o‘zlari uchun qulay uslubda harakat qila olmasligi uchun harakat qilamiz”, deydi Ismoilov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston-KXDR o‘yini 17 aprel kuni 22:15 da start oladi. Uchrashuvga Toif shahridagi “Qirol Fahd” stadioni mezbonlik qiladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Islom Ismoilov Koreya Xalq Demokratik Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing