Isroil BMTning Falastindagi binolarini buzib tashladi

Olam

image

Bugun, 20 yanvar kuni Isroil Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qarashli Falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligining (UNRWA) Sharqiy Quddusdagi majmuasini buzib tashladi. Agentlik ushbu harakatni xalqaro huquqning buzilishi sifatida baholadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil kuchlari buldozerlar yordamida BMT agentligiga tegishli bir nechta yirik bino hamda boshqa kichik inshootlarni vayron qilgan. UNRWA mazkur majmuadan so‘nggi bir yil davomida foydalanilmaganiga qaramay, Isroilning bu harakatini keskin qoralagan.

UNRWA vakili Jonatan Fullerning aytishicha, Isroil kuchlari mahalliy vaqt bilan soat 7:00 atrofida majmuaga bostirib kirib, qo‘riqchilarni hududdan chiqarib yuborgan va shundan so‘ng binolarni buzish uchun buldozerlarni ishga tushirgan.

Agentlik rahbari Filipp Latssarini X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida mazkur holatni qoralab, uni “xalqaro huquqqa ochiq va qasddan bo‘ysunmaslikning yangi darajasi” deb atagan. Uning bildirishicha, bu Isroil tomonidan UNRWA’ga qarshi amalga oshirilayotgan ketma-ket choralarining navbatdagisi. Jumladan, shu oy boshida agentlikning tibbiy klinikasida reyd o‘tkazilgan, shuningdek, yaqin haftalarda UNRWA inshootlaridan elektr energiyasi va suv ta’minotini uzish rejalashtirilgan.

Agentlikning sobiq xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, 20 yanvar kuni buzib tashlangan inshootlar ilgari G‘arbiy Sohil va G‘azo hududlariga gumanitar yordam saqlash uchun foydalanilgan.

UNRWA’ning Sharqiy Quddusdagi bosh qarorgohining sobiq rahbari Hakam Shahvan bu voqeaga munosabat bildirgan.

“Bugungi vayronkorlik Isroil xalqaro huquqni buzib, jazodan qutulib qolishi mumkinligi haqidagi yana bir salbiy xabarni butun dunyoga yoydi”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil parlamenti 2024 yil oktyabr oyida UNRWA’ning mamlakat hududidagi faoliyatini taqiqlovchi hamda rasmiy shaxslarga agentlik bilan hamkorlik qilishni man etuvchi qonunni qabul qilgan. Isroil rasmiylari UNRWA’ning ayrim xodimlari Falastinning HAMAS guruhi a’zolari bo‘lganini va 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujumda ishtirok etganini da’vo qilmoqda. Mazkur hujum oqibatida taxminan 1 200 nafar isroillik halok bo‘lgan va bu Isroilning HAMASga qarshi harbiy amaliyotlarini boshlab berib, G‘azo rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 71 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi tarkibi e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Falastin Isroil UNRWA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing