Isroil Erondagi maxfiy majmuaga zarba berdi
Olam
−
04 mart 4524 1 daqiqa
Isroil mudofaa armiyasi Tehron yaqinida joylashgan maxfiy “Minzadexey” yadroviy majmuasiga zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda armiya matbuot xizmati xabar berdi.
Isroil harbiylarining ta’kidlashicha, ushbu yer osti markazida eronlik olimlar guruhi “yadroviy qurol uchun muhim komponent”ni yashirincha ishlab chiqish ustida ish olib borgan.
Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi hozircha Isroil bayonotiga izoh bermagan.
28 fevraldan buyon Isroil va AQSH Eronning harbiy va yadroviy infratuzilmasiga, shuningdek hukumat binolariga zarbalar berib kelmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp urushning asosiy maqsadlaridan biri Eronning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini aytgan.
Avvalroq, Natanz shahridagi yer osti yadroviy zavodiga zarba berilgandi. Taxminlarga ko‘ra, zarbalar 1–2 mart kunlari amalga oshirilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yadroviy nazorat agentligining (MAGATE) ma’lum qilishicha, o‘qqa tutish oqibatida Natanzdagi bir nechta bino shikastlangan. Agentlik radiologik oqibatlar kutilmayotganini, zavodning o‘zida qo‘shimcha shikastlanishlar aniqlanmaganini bildirgan. Shu bilan birga, mazkur inshoot 2025 yil iyun oyidagi hujumlar paytida ham jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MAGATE rahbari Rafayel Grossi Eronga berilgan zarbalar oqibatida hozircha jiddiy yadroviy zarar alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qilgandi.