Isroil va Livan 33 yil ichida ilk bor muzokara o‘tkazdi (video)
Olam
−
16:01 1068 3 daqiqa
Kecha, 14 aprel kuni Livan va Isroil rasmiy vakillari Vashingtonda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun uchrashdi. Bu rasman urush holatida bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida 1993 yildan beri o‘tkazilayotgan birinchi siyosiy muzokara hisoblanadi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv boshlanishidan avval Livan va Isroilning AQSHdagi elchilari Nada Hamade Moavad va Yexiel Leyter AQSH Davlat kotibi Mark Rubio tomonidan qabul qilingan. Jurnalistlar bilan suhbatda Leyter ikkala tomon mamlakatlar o‘rtasida “aniq belgilangan chegara” bo‘lishi kerakligi borasida kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar bir necha hafta davom etadi.
Livan elchisi Nada Hamade Moavad esa amerikaliklarga “munozaralarni o‘tkazishdagi mehmondorchilik va ko‘mak” uchun minnatdorlik bildirgan va bu muzokaralarni “samarali” deb atagan. O‘z bayonotida u Isroil tomonini o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan – bu esa uy-joyini tark etgan shaxslarning o‘z uylariga qaytishiga imkon berishini ta’kidlagan. Shuningdek, elchi Livandagi og‘ir gumanitar inqirozga e’tibor qaratgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu muzokaralar oldidan Isroil Livan bilan mustahkam tinchlik shartnomasiga intilishini va “Hizbulloh” guruhining qurolsizlantirilishini talab qilishini bildirgan. Biroq “Hizbulloh” bu talabni rad etgan va Bayrutni muzokaralarni bema’no deb atab, ularni bekor qilishga chaqirgan. Uchrashuv boshlanishidan oldin guruh Isroil shimoliga yangi raketa zarbalarini bergan.
Livan hukumatining asosiy maqsadi – o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va Isroil qo‘shinlarini Janubiy Livandan olib chiqib ketishni talab qilish. Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi mojaro Eron bilan urush boshlanganidan keyin yana keskinlashdi. Livan rahbariyati 2024 yilda guruhni qurolsizlantirish majburiyatini olgan edi, biroq amalda bunga erishib bo‘lmayapti, chunki Livan armiyasi “Hizbulloh”dan sezilarli darajada zaif hisoblanadi.
Vashingtondagi muzokaralar arafasida 17 davlat Tashqi ishlar vazirlari Isroil va Livanni “ushbu imkoniyatdan foydalanishga” chaqirdi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, “to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar Livan, Isroil va butun mintaqa uchun uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlashga yo‘l ochishi mumkin”. Vazirlar “Hizbulloh”ning Isroilga hujumlarini, shuningdek, 8 aprel kuni Isroilning Livanga bergan “ommaviy” aviazarbalarini qoralagan. Bayonotni Buyuk Britaniya va Fransiyadan tashqari Avstraliya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Gretsiya, Islandiya, Xorvatiya, Lyuksemburg, Malta, Norvegiya, Portugaliya, Shvetsiya, Sloveniya, Ispaniya va Kipr imzolagan.
8 aprelga o‘tar kechasi AQSH va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Ushbu sulh Isroilning Eron ittifoqchisi bo‘lgan Livandagi “Hizbulloh”ga zarbalariga taalluqli emas edi. Bayrut hisob-kitoblariga ko‘ra, 8 aprel kuni Isroilning zarbalari oqibatida 350 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortig‘i yaralangan. 9 aprel kuni Isroil hukumati saytida Binyamin Netanyaxu Livan bilan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va mamlakatlar o‘rtasida tinchlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga ko‘rsatma bergani haqida xabar e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi