Italiya qiruvchi samolyotlarini Rossiya yaqiniga joylashtirdi
Olam
−
29 may 7070 2 daqiqa
Italiya Harbiy-havo kuchlari beshinchi avlod F-35B Lightning II qiruvchi samolyotlarini Finlyandiya hududida, Rossiya chegarasidan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashtirdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyotlar Kanta-Xame mintaqasidagi Yokiyoynen poligonida joylashgan bo‘lib, ular Finlyandiya avtomagistrallarida uchish va qo‘nish amaliyotlarini bajaradi. Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi – harbiy mojaro sharoitida aviatsiyani odatiy aerodromlardan tashqarida ham tezkor tarzda tarqatib joylashtirish va xavfsiz ishlashini sinovdan o‘tkazishdir.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday taktika urush sharoitida aviatsiyani yirik zarbalardan himoya qilish uchun qo‘llanadi. Samolyotlarni avtomobil yo‘llariga qo‘ndirish orqali ularni an’anaviy aviabazalarga qilingan hujumlardan saqlash va harbiy havo kuchlarining yashovchanligini oshirish maqsad qilinadi.
Harbiy manbalarga ko‘ra, bu usul NATO davlatlari va boshqa mamlakatlar tomonidan ham qo‘llanib kelinmoqda. Hatto Rossiya ham avvalroq shunga o‘xshash mashg‘ulotlarni amalga oshirgan. Ushbu yondashuv zamonaviy urushlarda aviatsiyaning markazlashtirilgan bazalarga bog‘liqligini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, 2019 yildan beri AQSH Harbiy-havo kuchlari ham F-35A Lightning II ishtirokida avtomagistrallarda qo‘nish va uchish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazib kelmoqda. Bu mashqlar avval Yaqin Sharqda boshlangan bo‘lib, keyinchalik turli harbiy operatsiyatsion hududlarda davom ettirilgan.
Mutaxassislar F-35B modelini F-35A bilan solishtirganda uning qisqa uchish va vertikal qo‘nish imkoniyati katta afzallik ekanini ta’kidlashadi. Biroq u qimmatroq, texnik xizmat ko‘rsatish murakkabroq va uchish masofasi nisbatan qisqaroq ekani ham qayd etiladi. Shunga qaramay, F-35B samolyoti NATO va uning ittifoqchilari arsenalidagi eng zamonaviy yashirin qiruvchilardan biri bo‘lib qolmoqda. U ilg‘or sensor tizimlari, elektron jangovor vositalari va ko‘p maqsadli jangovor imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Mazkur joylashtirish va mashg‘ulotlar NATO mamlakatlarining zamonaviy harbiy strategiyalarini takomillashtirish va tezkor javob berish imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Live
Barchasi