“Qamchiq”da 16 yoshli qiz ziplayndan tushib ketishi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Avvalroq, “Qamchiq” dovonida 16 yoshli qiz ziplayndan tushib ketgandi. Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Pop tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Pop tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ dor yo‘lining hozirgi holati bilan qiziqdi va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan bog‘landi. Qo‘mita axborot xizmati rahbari Behzod Berdiyevning ma’lum qilishicha, ziplayn Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida ro‘yxatga olingan. Mazkur dor yo‘li attraksioni hozircha vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.

“Hozirda ushbu attraksionda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ehtimol, profilaktika ishlari o‘tkazilayotgandir yoki mavsum yakunlangani sababli faoliyati to‘xtatilgandir. Bunday holatlarda tadbirkor faoliyatini qaysi sabab bilan to‘xtatganini o‘zi belgilaydi”, deydi Berdiyev.

Shuningdek, uning aytishicha, ushbu attraksion A nuqtadan B nuqtaga tros bo‘ylab pastga qarab harakatlanishga mo‘ljallangan bo‘lib, u ma’lum bir qiyalik burchagida – odatda 4-5 daraja atrofida o‘rnatiladi. Mazkur burchak attraksion bo‘ylab harakat to‘xtab qolmasligi uchun belgilanadi.

Ziplaynda harakat foydalanuvchining og‘irligi va inersiya kuchi hisobiga amalga oshadi. Shu sababli foydalanuvchining vazni muhim ahamiyatga ega: u juda yengil ham, juda og‘ir ham bo‘lmasligi kerak. Odatda ruxsat etilgan vazn 40 kilogrammdan 120 kilogrammgacha bo‘ladi. Texnik talablar har bir attraksionda joylashuviga va konstruksiyasiga qarab farqlanishi mumkin.

Agar foydalanuvchi vazni me’yoridan kam bo‘lsa, u yetarli tezlik va inersiya hosil qila olmaydi va yo‘lning o‘rta qismida harakati sekinlashib, to‘xtab qolishi mumkin. Aksincha, vazn me’yoridan ortiq bo‘lsa, xavfsizlikka tahdid yuzaga keladi.

Mazkur holatda dastlabki taxminlarga ko‘ra, foydalanuvchining vazni nisbatan yengil bo‘lgan. U finish – to‘xtash nuqtasiga yaqinlashgan paytda yuqori qismida shamol kuchayib, harakat yo‘nalishiga qarshi esgan. Shamol qarshiligi inersiyani kamaytirib, harakat to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lum vaqt davomida foydalanuvchi trosda osilib turgan, shundan so‘ng pastga tushib ketgan. Hozirda ushbu hodisa bo‘yicha foydalanuvchining harakatlari, texnik holat va tashqi omillar yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qamchiq ziplayn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing