Qirg‘izistonlik deputat O‘zbekiston suv uchun pul to‘lashi kerakligini aytdi

Olam

image

Kecha, 9 fevral kuni Qirg‘iziston parlamentida O‘zbekiston va Qozog‘iston sug‘orish suvi uchun nega pul to‘lamayotgani masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Kaktus Media” xabar berdi.

Jogorku Keneshning agrar siyosat, suv resurslari, yerosti boyliklaridan foydalanish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi yig‘ilishida deputat Umbetali Qidiraliyev butun dunyo bo‘ylab iqlim o‘zgarib borayotganini va suv tanqisligi kuzatilayotganini ta’kidlagan.

Uning aytishicha, Qirg‘izistondagi suv zaxiralarining qariyb 80 foizi qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, suv omborlarini saqlash, ta’mirlash va xavfsizligini ta’minlash xarajatlari Qirg‘iziston zimmasida qolmoqda.

“Demak, Qirg‘iziston ushbu gidroelektr inshootlarini saqlashdan hech qanday iqtisodiy foyda ko‘rmayaptimi? Ta’mirlash ishlarini olib borish, suvni saqlash va to‘g‘onlarni tekshirish kerak. Xarajatlar katta. Hatto, AQSH ham Kanadaga, Germaniya esa Shvetsiyaga suv uchun pul to‘laydi. Xo‘sh, nega Qirg‘iziston suv uchun pul olmaydi? Bu xalqaro huquq!”, degan Qidiraliyev.

Bosh vazir o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi vaziri Baqit Torobayev O‘zbekiston va Qozog‘iston Qambar-Ota GESi qurilishiga qiziqish bildirayotganini aytgan. Shuningdek, Kampir-Obod suv ombori O‘zbekiston bilan birgalikda boshqarilishini, boshqa suv omborlar esa Qirg‘iziston tasarrufida ekanini eslatgan.

Torobayevning ta’kidlashicha, Prezident Sadir Japarov qo‘shni davlatlardan suv omborlarini ta’mirlash uchun majburiy to‘lov talab qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ta’mirlash ishlari Qirg‘iziston tomonidan amalga oshiriladi, qo‘shnilar esa faqat ixtiyoriy yordam ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT huzuridagi Suv, atrof-muhit va sog‘liqni saqlash universiteti instituti e’lon qilgan yangi hisobotda dunyo bo‘ylab suv resurslari keskin qisqarib borayotgani haqida xabar berilgandi.

Jamshidbek Amirov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston suv Qirg'iziston deputat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing