Qishloq xo‘jaligida QQSning “nol” stavkasi joriy etiladi

Jamiyat

image

Qishloq xo‘jaligida QQSni hisoblashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 4 sentyabr kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2026-2027 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida 3 baravar oshirish farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad etib belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan:

  • Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun QQSning “nol” stavkasi joriy qilinadi;
  • Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 3 kunda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan ishlab chiqilgan tovarlarni aynan 1 ta yetkazib berish zanjiri bo‘yicha QQS summasini hisobga olishda elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab, real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimi joriy qilinadi. 

Bunda yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalarning ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami elektron hisobvaraq-fakturalar sonining 10 foizidan oshmasligi nazarda tutildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘lishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

QQS Qishloq xo'jaligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing