Qozog‘iston ayrim rossiyaliklarni ommaviy deportatsiya qilmoqchi
Olam
−
10 mart 6106 2 daqiqa
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vaqtinchalik yashash ruxsatnomalarini (VYAR) qalbakilashtirish bo‘yicha yirik jinoiy ishni tergov qilmoqda. Bu ish urush tufayli mamlakatga kelgan ko‘plab rossiyaliklarning deportatsiya qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda rossiyalik qochqinlarga yordam beruvchi huquq himoyachilariga tayanib, “Slovo zaite” loyihasi xabar berdi.
Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, ish bo‘yicha “o‘nlab erkak jinsiga mansub va chaqiruv yoshidagi rossiyaliklar” guvoh sifatida jalb qilingan. Tergov 2026 yil fevral oyi oxirida boshlangan va tergovchilar bir vaqtning o‘zida 3-4 kishini so‘roq qilmoqda.
Qozog‘istonda bir yilgacha qolish imkonini beruvchi VYARni rasmiylashtirish uchun rasmiy ish joyi va ro‘yxatdan o‘tgan manzil (“propiska”) talab etiladi. “Slovo zaite”ning yozishicha, Qozog‘iston bir muncha vaqt “soxta VYAR” bozoriga nisbatan xotirjam munosabatda bo‘lgan, biroq vaqt o‘tishi bilan migratsiya siyosati qattiqlashgan.
“VYAR ishi bilan migratsiya politsiyasi emas, balki Milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshqarmasi shug‘ullanayotganini hisobga olsak, gap Rossiya Federatsiyasi bilan kelishilgan ro‘yxatlar asosida ommaviy deportatsiyaga tayyorgarlik haqida borayotgan bo‘lishi mumkin”, deb hisoblaydi “Slovo zaite”.
Huquq himoyachilari soxta VYAR bo‘yicha jinoiy ish figurantlariga Rossiyaga deportatsiya qilinmasliklari uchun hali imkon borligida Qozog‘istonni zudlik bilan tark etishni qat’iy tavsiya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston – Ukraina bilan urush va safarbarlik boshlangandan keyin rossiyaliklar eng ko‘p chiqib ketgan mamlakatlardan biri. Hozirda u yerda o‘n minglab rossiyaliklar istiqomat qilmoqda. 2026 yilda huquq himoyachilari rossiyaliklarni, jumladan, siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotgan yoki dizertirlikda ayblanayotganlarni Qozog‘istondan deportatsiya qilish holatlari keskin ko‘payganini qayd etgan.
Live
Barchasi